O‘zbekiston va Turkmaniston qurilish sanoatida strategik sheriklikni kengaytirmoqda
Iyul 30, 2026. 14:00 • 2 daq
• 189ASHXOBOD, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Haqberdiyev boshchiligidagi delegatsiyasining Turkmanistonga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Turkmanistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tashrif doirasida Ashxobod shahrida O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yurtimizning 20 dan ortiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona vakillari, tadbirkorlar, Turkmanistonda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar qatnashdi.
Tadbir davomida qurilish materiallari sanoatida hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mahsulot yetkazib berish yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari, Turkmanistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbariyati hamda ishbilarmonlar ishtirokida “B2G” va “B2B” formatlarida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, o‘zaro savdo salohiyatidan samarali foydalanish va qurilish tarmog‘ida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalari ko‘rib chiqildi.
Biznes-missiyada vakillarimiz Ashxobod shahrida faoliyat yuritayotgan qurilish materiallarini ishlab chiqarish va savdosiga ixtisoslashgan “Ak Gaya” hamda “Ak Bulut” kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston kompaniyalari o‘rtasida yangi savdo shartnomalarini imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va “Turkmenavtoban” xo‘jalik jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat qurilish materiallari ishlab chiqarish, yetkazib berish va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur biznes-missiya O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida qurilish materiallari sanoati sohasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









