YUNESKO bosh qarorgohida Buxoroda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
Aprel 13, 2026. 09:00 • 2 daq
• 253
PARIJ, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi hamda Sanʼat va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Fransiya poytaxtida YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan mamlakatimizda Butunjahon merosi obyektlarini saqlash va samarali boshqarish sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muhokamalar chog‘ida Buxoroda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, jumladan, “Poi Kalon” meʼmoriy majmuasini restavratsiya qilish va Shahriston hududida ochiq osmon ostidagi arxeologiya muzeyini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonning noyob madaniy meros obyektlarini Butunjahon merosi to‘g‘risidagi konvensiya va xalqaro standartlarga muvofiq saqlash, shu bilan birga tarixiy shaharlarning barqaror rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yana-da mustahkamlash va madaniy meros sohasidagi tashabbuslarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi