Logo

Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi

Fevral 19, 2026. 12:51 • 3 daq

131
Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi

QOBUL, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi, Savdo va investitsiyalar palatasi ko‘magida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Qobulga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Sirdaryo viloyati rasmiy delegatsiyasini Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy qabul qilib, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari, mushtarak milliy urf-odatlarimiz va tadbirkorlarning hamkorlik aloqalarini alohida taʼkidladi. 

Nuriddin Aziziy 2025-yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi uchun 15 daqiqa vaqt belgilangan bo‘lsa-da, u kishi bilan Afg‘onistondagi vaziyat xususida 45 daqiqa muloqot o‘tkazilganini mamnuniyat bilan esladi.    

Uning taʼkidlashicha, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va intilishlari uzoq tarixga ega yaqin qo‘shnichilik, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Muloqot davomida hamkorlikni hozirgi holati va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston–Afg‘oniston tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum va B2B shaklida uchrashuvlar tashkil etish, ikki davlat o‘rtasida imzolangan imtiyozli savdo bitimini amalda tadbiq etish, investitsiyalarni himoya qilish va Xayraton sanoat kooperatsiya markazini tashkil etish bo‘yicha bitimlarni imzolashni tezlashtirish masalalarida fikr-mulohaza almashildi.

Shu bilan birga, yurtimizdan Afg‘onistonga tekstil, farmatsevtika, elektrotexnika asbob-uskunalari eksportini ko‘paytirish, O‘zbekistonga ko‘mir, go‘sht mahsulotlari importini amalga oshirish bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, vazir “Ayritom” chegara-bojxona postida yuk avtomashinalari o‘tishini osonlashtirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumat vakillari bilan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Tashrif doirasida hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Erkinjon Turdimov Qobul viloyati hokimi Aminulloh Ubayd bilan uchrashdi.

Suhbatdoshga Sirdaryo viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsion imkoniyatlari, logistika markazlari, geografik joylashuvi haqida maʼlumot berildi.

Afg‘onistonga oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, farmatsevtika va elektrotexnika mahsulotlarini yetkazib berish uchun keng imkoniyat mavjudligi maʼlum qilindi.

Muloqotda Qobul viloyati hokimi O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarini asrlar davomida tarixiy, madaniy va savdo rishtalari bog‘lab kelganini taʼkidladi.

Suhbat jarayonida ikki viloyat o‘rtasidagi do‘stlik hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilishi taʼkidlandi.

Ikki tomonlama savdo-sanoat, logistika va investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida Erkinjon Turdimov Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Said Karim Hoshimiy bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot jarayonida Qobul, Hirot va Qandaxor viloyatlarida Sirdaryo viloyati “Savdo uyi”ni tashkil etish, Afg‘onistonda metall rudasini qayta ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, Said Karim Hoshimiy boshchiligida afg‘on tadbirkorlari delegatsiyasining Sirdaryo viloyatiga tashrifini tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Sirdaryo viloyati delegatsiya “Qobul ekspo” markazida tashkil etilgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida afg‘on tadbirkorlari bilan turli uchrashuvlar o‘tkazdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish