O‘zbekiston elektron mikrosxemalar ishlab chiqarishda Malayziya tajribasidan foydalanadi
Oktabr 26, 2026. 08:55 • 2 daq
• 263KUALA-LUMPUR, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston vazirliklar, idoralar va oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadida Malayziyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida delegatsiya Selangor shtatida joylashgan “IC Design Park 1” (integral sxemalarni loyihalash parki) majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvlarda yetakchi kompaniyalar bilan mahalliy mikroelektronika muhandislarini tayyorlash yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Selangor shtati hukumatining raqamli iqtisodiyot bo‘yicha agentligi (SIDEC) bosh ijrochi direktori Yong Kay Pingning ta’kidlashicha, bugungi global geoiqtisodiy va geosiyosiy vaziyat ko‘plab davlatlarni yarimo‘tkazgichlarni loyihalash va ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratishga undamoqda.
U O‘zbekiston hukumatiga mikrosxemalarni loyihalashga ixtisoslashgan mahalliy kompaniyalarni tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlashni tavsiya qildi.
Malayziyaning ilg‘or yarimo‘tkazgichlar akademiyasi (ASEM) o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun nazariy bilimlar va kasbiy amaliyotni o‘z ichiga olgan maxsus trening kurslarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Vakillarimiz Kuala-Lumpurdagi “Technology Park Malaysia” hududiga tashrif buyurib, “MIMOS Berhad” kompaniyasining kremniy plastinalari va yarimo‘tkazgichlar prototiplarini ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish, mikroelektronika, chiplar va elektron platalardagi nuqsonlarni aniqlash hamda tahlil qilish bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kompaniya vitse-prezidenti Ramesh Kumar Kedax shtatida joylashgan “MIMOS Academy” markazi bazasida yuqori texnologiyalar va yarimo‘tkazgichlar sanoati uchun zarur bo‘lgan muhandislar hamda tadqiqotchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yishga tayyorligini ma’lum qildi.
Tashrif doirasida Selangor sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgichlar sammitida qator hamkorlik kelishuvlarini imzolashga erishildi. Xususan, O‘zbekistonning “ToshTech” texnika universiteti va Malayziyaning “ASEM” akademiyasi hamda “GreatAsic Technology” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Shuningdek, “Cyber University” davlat universiteti va Malayziyaning “Asia e University (AeU)” hamda “Asia Pacific University of Technology & Innovation (APU)” oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash va integral sxemalarni loyihalash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
“IC Design” (integral sxemalar yoki chiplarni loyihalash) – mikroelektronika sohasining muhim va yuqori texnologiyali yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, millionlab va hatto milliardlab tranzistorlarni bitta kichik yarimo‘tkazgich (kremniy) chipiga joylashtirish va ularning mukammal ishlashini ta’minlash jarayoni hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



