O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va YXHT media sohasidagi islohotlarni muhokama qildi
Oktabr 26, 2026. 11:00 • 2 daq
• 174
VЕNA, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi Venada YXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili, elchi Yan Braatu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
YXHT kotibiyatida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida media sohasidagi islohotlar, so‘z erkinligi va jurnalistlar xavfsizligi masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda media sohasini rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish va tashkilot doirasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga alohida e’tibor qaratildi.
“Markaziy Osiyo bilan tanishuvni ilk bor O‘zbekistonga tashrifdan boshlaganman”, dedi Yan Braatu 2025-yilda yurtimizga qilgan safarini yodga olib. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashrif mintaqa bilan o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan.
Uchrashuv ishtirokchilari OAV sohasidagi qonunchilikni xalqaro standartlar va zamonaviy texnologik talablarga muvofiq yangilash, jurnalistlar kasbiy faoliyatining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
OAV vakillarini himoya qilishning huquqiy va institutsional mexanizmlarini kuchaytirish zarurati muloqotning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston jurnalistlarining kasb odobi kodeksini ishlab chiqish masalasi ham muhokama qilindi. Yan Braatuning fikricha, mas’uliyat, xolislik va ishonchlilik tamoyillarining mustahkamlab qo‘yilishi jurnalistikaning kasbiy standartlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
U YXHT Vazirlar kengashining jurnalistlar xavfsizligi to‘g‘risidagi 3/18-sonli qarorida belgilangan majburiyatlarni bajarish, jumladan, qonunchilikni takomillashtirish va jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit yaratish borasida O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarni e’tirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi