JIDU va Glazgo universiteti o‘rtasida qo‘shma magistratura dasturi tashkil etiladi
Mart 16, 2026. 08:10 • 2 daq
• 299
GLAZGO, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) rektori Sodiq Safoyevning Buyuk Britaniyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sodiq Safoyev tashrif davomida Glazgo universiteti (University of Glasgow) rahbarlari bilan uzoq muddatli hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Glazgo universiteti 1451-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2026-yilgi xalqaro reytinglarda “QS”-79 va “THE”-84 o‘rinlarni egallagan. Universitetda 5,9 mingga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritadi, hozirda 39 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda.
Uchrashuvda Glazgo universiteti prorektori, professor Reychel Sendison, Huquq maktabi rahbari professor Kler Makdiarmid hamda universitet professorlari va akademik bo‘linmalar vakillari ishtirok etdi.
Tashrif davomida universitetlar o‘rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi. Unga ko‘ra, “dual diploma” asosida huquqiy tadqiqotlar yo‘nalishida hamda “Erasmus Mundus Joint Masters” dasturi doirasida qo‘shma magistratura tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Mazkur dasturlar doirasida JIDU magistrantlari belgilangan akademik talablarni bajargan holda Glazgo universitetining Huquq maktabida tahsil olish va Buyuk Britaniyaning yetakchi yuridik oliy taʼlim muassasasi diplomini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu kelishuvlar ikki universitet o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlab, akademik almashinuv va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi