Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi
Mart 16, 2026. 12:11 • 2 daq
• 71
RIM, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Italiyaning qurilish, logistika, qishloq xo‘jaligi va servis sohalarida faoliyat yurituvchi 20 dan ortiq yetakchi kompaniya va assotsiatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida mamlakatimiz elchisi Abat Fayzullayev so‘z yuritib, so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar amaliy mazmun bilan boyib borayotganini alohida ta’kidladi. U italiyalik investorlarga mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar, “New Tashkent City” mega-loyihasi hamda Samarqand viloyatida tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muzokaralar natijasida “Confcommercio”, “Confesercenti” va “Confapi Arezzo” assotsiatsiyalari bilan savdo va agrosanoat yo‘nalishida hamkorlik qilish, “Wizard Capital” va “IDM” agentliklari orqali Italiyaning ilg‘or konsalting xizmatlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Sanoat sohasida “Betonform” va “PV Colour” kompaniyalari bilan qurilish materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, transport yo‘nalishida esa “M2 Rail” va “Wankelmuth” kompaniyalari bilan temir yo‘l va logistika infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bu kabi muloqotlar Italiyaning yuqori texnologiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etish va ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes-missiyalarni tashkil etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi