O‘zbekiston Shvetsiya institutining SISGP dasturiga kiritilgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘ldi
Dekabr 19, 2025. 09:00 • 2 daq
• 164
STOKGOLM, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nurimbetov Shvetsiya instituti bosh direktorining o‘rinbosari Kurt Brattebi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur institut Shvetsiyani jahon miqyosida targ‘ib qilishga hamda madaniyat, taʼlim, fan, demokratiya va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi hukumat tashkiloti hisoblanadi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Global mutaxassislar uchun stipendiyalar (Swedish Institute Scholarships for Global Professionals - SISGP) dasturidagi ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Kurt Brattebi Shvetsiya hukumati O‘zbekistonni 2026 yildan boshlab to‘liq to‘lanadigan SISGP stipendiyalarini olish uchun 34 ta hamkor davlatlar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilganini maʼlum qildi. Shu tariqa, O‘zbekiston bo‘lajak yetakchilarni tayyorlash bo‘yicha ushbu nufuzli dasturga qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘ldi.
Shvetsiya institutining Global mutaxassislar uchun stipendiyalar magistrlik dasturi o‘z mamlakatlari va mintaqalarida barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga intiladigan istiqbolli yetakchilarni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Stipendiatlar akademik yutuqlari, professional va yetakchilik tajribasi hamda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish salohiyati asosida tanlab olinadi.
Barqaror rivojlanish, muhandislik va texnologik fanlar, raqamlashtirish va innovatsiyalar, “yashil” energetika, tibbiyot, tabiiy fanlar, shuningdek, davlat boshqaruvi hozirda mazkur dargohdagi eng talab yuqori taʼlim yo‘nalishlari qatoriga kiradi.
O‘zbekiston vakillari o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlar bo‘yicha dasturda ishtirok etish uchun 2026 yil 15 yanvargacha ariza topshirishlari mumkin. Ariza berish tartibi haqida batafsil maʼlumot Shvetsiya instituti rasmiy veb-saytida mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi