Bangkokda Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi ochildi
May 01, 2026. 12:25 • 2 daq
• 320BANGKOK, 1 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi diplomatlari “Tailand va Markaziy Osiyo: o‘zgaruvchan Yevroosiyoda barqaror aloqalarni mustahkamlash va yangi sheriklikni shakllantirish” mavzusidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir Chulalongkorn universitetining Osiyo tadqiqotlari instituti huzuridagi Markaziy Osiyoni o‘rganish markazining rasmiy ochilishiga bag‘ishlandi.
Simpoziumda Tailand Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik korpus vakillari, universitet va institut rahbariyati, madaniyat va taʼlim tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, aviakompaniyalar, sayyohlik shirkatlari vakillari hamda Bangkokda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz qatnashdi.
Anjuman doirasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma maydoni tashkil etildi. Mehmonlarga mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini ochib beruvchi albomlar, milliy liboslar, eksponatlar, xalq hunarmandchiligi namunalari hamda axborot materiallari taqdim qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilarga o‘zbek xalqining atoqli namoyandalari va mutafakkirlari – Amir Temur, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom al-Buxoriy va Zahiriddin Muhammad Boburning jahon tarixi va sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi videomateriallar namoyish etildi. Bundan tashqari, “Madaniy kelajak”, “Renessans”, Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan videoroliklar ko‘rsatildi.
Uchrashuvlar chog‘ida hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Xususan, Chulalongkorn universitetida o‘zbek olimlarini jalb etgan holda mamlakatimiz tarixi va madaniyati bo‘yicha maʼruzalar tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




