O‘zbekiston akademik delegatsiyasi Shvetsiya yetakchi ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi
May 03, 2026. 10:00 • 2 daq
• 288STOKGOLM, 3-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning oliy va o‘rta ta’lim muassasalari vakillaridan iborat akademik delegatsiya Shvetsiyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibidan bir qator oliy ta’lim va xalq ta’limi muassasalari, jumladan, Andijon davlat tibbiyot va pedagogika institutlari, Urganch davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda poytaxt maktablari pedagoglari o‘rin oldi.
Shvetsiyaning eng qadimiy va yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Uppsala universitetidagi (Uppsala University) uchrashuvlarda o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Stokgolm mintaqasi xalqaro maktabiga (International School of the Stockholm Region) tashrif buyurib, u yerda “Xalqaro bakalavriat” dasturi doirasida qo‘llaniladigan o‘qitish metodikalari, o‘quv jarayonini tashkil etish va zamonaviy ta’lim texnologiyalari bilan tanishdi.
Muloqot chog‘ida fanlararo integratsiya, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga yo‘naltirilgan baholash tizimi o‘qitish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar STEAM (fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika) yondashuvini rivojlantirish, “ta’lim muassasasi – sanoat – jamiyat” formatidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish va ishchi aloqalarni kengaytirishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





