Polshada Markaziy Osiyo investitsiya imkoniyatlari muhokama qilindi
May 01, 2026. 12:55 • 2 daq
• 205VARSHAVA, 3-may. /“Dunyo” AA/. Varshava iqtisodiyot universitetida investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalari bo‘yicha tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida “Markaziy Osiyo va Ozarbayjonda o‘sish va investitsiyalarni rag‘batlantirish” mavzusida panel sessiya o‘tkazildi.
Sessiyada O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari, Ozarbayjonning Polshadagi elchisi maslahatchisi Rovshan Axundov, “Boym Institute” eksperti Pavel Yaskula va Yevroosiyo biznes uyushmasi prezidenti Ermek Kanibekov ishtirok etdi.
Muhokamalar polshalik talabalarning Markaziy Osiyo haqidagi bilimlarini kengaytirishga qaratildi. Xususan, iqtisodiy o‘sish, investitsiya muhiti, biznes yuritish sharoitlari, davlat siyosatining roli, ustuvor tarmoqlar, transport va logistika aloqalari, geosiyosiy omillar, xavf-xatarlar va rivojlanish istiqbollari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Polsha, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning strategik va iqtisodiy ahamiyati ortib borayotgani taʼkidlandi. Ushbu mamlakatlar o‘rtasida savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish va energetik xavfsizlikni taʼminlash muhim ekani qayd etildi. Markaziy Osiyo esa nafaqat tranzit hudud, balki investitsiya va ishlab chiqarish uchun istiqbolli markaz sifatida baholandi.
Diplomatlar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvini yangilash va xususiy sektor rolini oshirishga qaratilgan choralar haqida maʼlumot berdi.
Forum diplomatlar, biznes vakillari, ekspertlar va talabalarni birlashtirgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi. U O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni xalqaro tashkilotlar va biznes doiralari bilan yaqinlashtirish, ilmiy va madaniy almashinuvlarni rivojlantirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




