Logo

O‘zbekiston–Pokiston farmatsevtika sohasida strategik sheriklikni kengaytirmoqda

May 01, 2026. 14:25 • 3 daq

332
O‘zbekiston–Pokiston farmatsevtika sohasida strategik sheriklikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston–Pokiston farmatsevtika sohasida strategik sheriklikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston–Pokiston farmatsevtika sohasida strategik sheriklikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston–Pokiston farmatsevtika sohasida strategik sheriklikni kengaytirmoqda

KARACHI, 1-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Karachi shahriga tashrifi buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar doirasida delegatsiya vakillari Pokistonning yetakchi “The Searle Company Limited” va “Getz Pharma” farmatsevtika kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

“The Searle Company Limited” bosh direktori Tohir Ahmed bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashgani, o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik muhiti shakllanayotgani alohida taʼkidlandi. Tomonlar farmatsevtika sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirish zarurligini qayd etdi.

O‘zbekiston farmatsevtika bozorining hajmi hozirgi kunda taxminan 3 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Shu bilan birga, dori vositalari importi hajmi 4 milliard dollardan ortiq bo‘lib, bu mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish uchun katta imkoniyat mavjudligini ko‘rsatadi.

Muzokaralar chog‘ida Navoiy viloyati ushbu hamkorlikni amalga oshirish uchun eng maqbul hududlardan biri sifatida taqdim etildi. Viloyatda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, soliq va bojxona imtiyozlari mavjudligi, xalqaro aeroport va zamonaviy logistika infratuzilmasining mavjudligi investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Bundan tashqari, Navoiy viloyatining geografik jihatdan qulay joylashgani Markaziy Osiyo va qo‘shni bozorlarga tez va samarali chiqish imkonini beradi.

Tomonlar farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, texnologiyalar transferi va mutaxassislar malakasini oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi. “Searle” kompaniyasi mutaxassislarining Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, amaliy loyihalarni joyida o‘rganishi va texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Pokistonning “Getz Pharma” kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Xalid Mahmud bilan kechgan suhbatda Navoiy viloyatida zamonaviy, eksportbop farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, import o‘rnini bosuvchi va yuqori talabga ega dori vositalarini mahalliylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Sohaga ilg‘or texnologiyalar va xalqaro standartlarni joriy etish orqali mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va sifat nazoratini kuchaytirish, farmatsevtika sohasi uchun kadrlar tayyorlash muhimligi taʼkidlandi. Navoiy viloyatini mintaqaviy farmatsevtika xabiga aylantirish, eksport geografiyasini kengaytirish, logistika va taʼminot zanjirlarini takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida tomonlar amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni boshlash va hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Ushbu muloqotlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda Markaziy Osiyo bozoriga yo‘naltirilgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish