O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida endokrinologiya sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

Oktabr 12, 2026. 13:00 • 2 daq

• 224
O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida endokrinologiya sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

DOHA, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Akademik Yo.X.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Qatarning yetakchi tibbiy muassasasi – “Sidra Medicine” o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Joriy yil 15-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston endokrinologlarining IV xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi. “To‘raqulov saboqlari – 2026” nomli tadbirda “Sidra Medicine” bolalar endokrinologiyasi bo‘limi mutaxassisi, “Weill Cornell Medicine–Qatar” universiteti professori Xolid Husayn ham ishtirok etadi.

“Chegarasiz endokrinologiya: ilm-fan, innovatsiyalar va klinik amaliyot” shiori ostida o‘tadigan kongress doirasida Xolid Husayn “Genetik tashxisdan maqsadli terapiyaga: bolalar endokrinologiyasidagi monogen kasalliklar” mavzusida ma’ruza qiladi.

Ma’ruzada bolalarda uchraydigan irsiy endokrin kasalliklarni zamonaviy genetik usullar orqali aniqlash, davolashdagi shaxsiylashtirilgan yondashuvlar va maqsadli terapiya imkoniyatlari yoritiladi. Bu yo‘nalishlar kasalliklarni erta tashxislash, samarali davolash strategiyasini tanlash va asoratlar xavfini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

“Sidra Medicine” ayollar, bolalar va o‘smirlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, ilmiy tadqiqotlar va tibbiy ta’limni rivojlantirishga ixtisoslashgan zamonaviy tibbiyot markazidir. Markazning xalqaro tajribasi O‘zbekiston mutaxassislari uchun ilg‘or klinik yondashuvlarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishda muhim imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston va Qatar tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish klinik tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va tibbiyot xodimlari malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu hamkorlik zamonaviy tashxis va davolash usullarini joriy etish orqali bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish