Toshkentda beshta mamlakat kinologlari qurol-yarog‘ va portlovchi moddalarni aniqlash bo‘yicha o‘qitildi
Oktabr 12, 2026. 15:30 • 2 daq
• 158VENA, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Toshkent shahridagi O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi bazasida Markaziy Osiyoning beshta davlati chegara va bojxona organlarining 15 nafar xodimi ishtirokida o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlashga bag‘ishlangan YEXHT mintaqaviy o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur ta’lim dasturida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston mutaxassislari qatnashdilar.
Mashg‘ulotlar chegara orqali noqonuniy olib o‘tilayotgan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni topish amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, kinologiya bo‘linmalari instruktorlarining malakasini oshirish hamda ularning ishini baholashning yagona mezonlarini joriy etishga qaratildi.
Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar hidlarning tarqalish xususiyatlari, begona hidlarning ta’sirini bartaraf etish usullari hamda havo oqimlarini tahlil qilish metodikasini o‘rgandilar. Shuningdek, transport vositalarini ko‘zdan kechirish va odamlar gavjum joylarda ishlash kabi murakkab sharoitlarda qidiruv ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida xizmat itlarini parvarishlash, stress alomatlarini aniqlash va ularning doimiy tayyorgarlik holatini ta’minlash bo‘yicha ham bilimlar berildi.
Tadbir qatnashchilari idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlar o‘rtasida tezkor axborot almashish va kinologiya bo‘linmalarining standart ish jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildilar. Qo‘shma mashg‘ulotlar va tajriba almashinuv kontrabanda kanallarini fosh etish hamda davlat chegaralarida noqonuniy faoliyatning oldini olish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi direktori polkovnik Farrux Qahhorov kasbiy aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda kinologlar va xizmat itlarini tayyorlashni takomillashtirish muhimligini ta’kidladi.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen tashkilot chegara va bojxona xizmatlarining umumiy xavfsizlik vazifalarini hal etishdagi amaliy hamkorligini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kurs o‘zbekistonlik instruktorlarga Markaziy Osiyoning beshta davlatidan kelgan hamkasblari bilan Buyuk Britaniyada orttirilgan ilg‘or tajribani baham ko‘rish imkonini berdi.
O‘quv mashg‘ulotlari YEXHTning O‘zbekistonning Afg‘onistondan kelayotgan transchegaraviy xavf-xatarlarga qarshi barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan byudjetdan tashqari loyihasi doirasida tashkil etildi. Bunda Germaniya, Shvetsiya, AQSH, Finlyandiya va Fransiya moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






