O‘zbekistonda yoshlarni Yaponiyada ishga joylashishga tayyorlash bo‘yicha loyihalar ishga tushiriladi
Oktabr 11, 2026. 10:30 • 2 daq
• 159
TOKIO, 11-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari “MURUUDUL Co., Ltd.” yapon kompaniyasi bosh direktori Kota Sunedzuka bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida kompaniya delegatsiyasining joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonga amalga shirgan tashrifi yakunlari sarhisob qilinib, yosh mutaxassislarni yapon tili hamda Yaponiyada talab yuqori bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitish va keyinchalik ularni ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida yapon delegatsiyasi Kasbiy ta’lim agentligi va Migratsiya agentligi, shuningdek, Andijon, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridagi qator texnikumlar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Muzokaralar natijasida tegishli hamkorlik bitimlari imzolanib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Uchrashuvda Yaponiyada “Maxsus malakali ishchi” (Specified Skilled Worker) tizimi asosida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik yoshlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tomonlar yuk mashinalari haydovchilarini kasbga o‘qitish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Hozirgi vaqtda birinchi o‘quv guruhlarini shakllantirish va mashg‘ulotlarni boshlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Mazkur tashabbus O‘zbekiston yoshlarining kasbiy salohiyatini oshirish, ularning xorijda xavfsiz, qonuniy va barqaror bandligiga ko‘maklashish, shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi amaliy sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi