“Daily Financial Time” gazetasi: “Yangi Toshkent” – O‘zbekistonning mislsiz shaharsozlik loyihasi
Noyabr 15, 2026. 11:30 • 3 daq
• 61
ISLOMOBOD, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Financial Time” gazetasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan “Yangi Toshkent” shahri qurilishi loyihasiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi Hurish Shahning qayd etishicha, “Yangi Toshkent” amaldagi poytaxt qatorida mamlakatning yirik iqtisodiy, ma’muriy va turar joy markaziga aylanishga qaratilgan keng ko‘lamli shaharsozlik loyihasidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Yangi Toshkent loyihasi davlat muassasalari, biznes hududlari, turar joy massivlari, ta’lim muassasalari, tibbiyot markazlari, turizm, texnologiyalar hamda yashil infratuzilmani o‘zida mujassam etgan zamonaviy shahar muhitini yaratishga qaratilgan uzoq muddatli dastur hisoblanadi, –deyilgan maqolada. – Loyihaning umumiy maydoni qariyb 20 ming gektarni tashkil etadi.
Nashrda ushbu megaloyiha bilan bog‘liq muhim faktlar va raqamlar, loyihaning hozirgi bosqichida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar mushtariylarga taqdim etilgan.
“Yangi Toshkent loyihasi dastlabki rejalashtirish bosqichidan o‘tib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ayni paytda shaharda turar joy binolari, yo‘llar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va jamoat obyektlari barpo etilgan bo‘lib, yana bir qator yirik loyihalar bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda. Loyihani amalga oshirish ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2026-yil oktyabr oyiga qadar shaharni rivojlantirish uchun 2 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ investitsiya qilingan”, – deya qayd etilgan materialda.
Loyiha yirik savdo va ko‘ngilochar obyektlari, baland imoratlar, dam olish maskanlari, ijtimoiy dasturlar bilan bir qatorda xalqaro darajadagi sport inshootlarini ham qamrab oladi. Xususan, FIFA talablariga javob beradigan 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan futbol stadioni qurilmoqda. Ushbu inshoot shaharning keng ko‘lamli rivojlanish dasturi doirasidagi muhim sport obyektlaridan biri bo‘ladi.
Pokiston OAV yozganidek, Yangi Toshkent – yashil hududlar va zamonaviy infratuzilma asosida loyihalashtirilgan shahar. Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri — zamonaviy shaharsozlik tamoyillari, ekologik barqarorlik va aholi uchun qulay jamoat hududlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganidir. Shaharning bosh rejasida taxminan 2 ming gektar yashil hudud va 500 gektar atrofida parklar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Singapur, Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan xalqaro mutaxassislar hamda kompaniyalar bosh rejani ishlab chiqish, arxitektura, muhandislik, landshaft dizayni va “aqlli shahar” texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ishtirok etmoqda.
Asosiy maqsad – zamonaviy infratuzilma, keng yashil hududlar va aholi, biznes hamda davlat muassasalarining uzoq muddatli ehtiyojlarini qondirishga qodir xizmatlar tizimiga ega shahar markazini barpo etishdir.
Maqolada xalqaro biznes vakillari, jumladan, Pokiston kompaniyalari uchun ham ushbu loyiha O‘zbekiston bilan yangi tijorat aloqalarini yo‘lga qo‘yish va investitsiya imkoniyatlarini o‘rganish uchun istiqbolli maydon bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Hurish Shah o‘z maqolasini yakunida “Qurilish ishlari davom etib, yangi obyektlar foydalanishga topshirilar ekan, Yangi Toshkentning rivojlanishi qurilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, mehmonxona biznesi, texnologiyalar va infratuzilma sohalarida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyalar uchun ham muhim kuzatuv va hamkorlik yo‘nalishi bo‘lib qoladi”, – deb yozgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi