Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston umumiy medallar jadvalida 7-o‘ringa chiqdi
Sentabr 24, 2026. 15:00 • 3 daq
• 189AICHI-NAGOYA, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari qator sport turlarida munosib natijalar qayd etib, medallar sonini tobora oshirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Osiyo o‘yinlarida kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi 200 metrlik bahsda Shohsanam Sherzodova barcha raqiblarini ortda qoldirib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Shu bilan birga, kanoeda 500 metr masofada Artur Guliyev va Vladlen Denisov kumush, baydarkada 500 metr juftlik bahsida Arina Tanatmisheva va Yekaterina Shubina bronza medaliga ega bo‘ldi.
Akademik eshkak eshishda ham O‘zbekiston vakillari qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasidagi M1x dasturida Shahboz Xolmurzayev kumush medalga sazovor bo‘ldi. M2- bahsida Mehrojbek Mamatqulov va Pavel Sorin kumush, Alisher Turdiyev va Maksim Golubev esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasidagi W4- dasturida Anna Aksenova, Mariya Sergeyeva, Rayhona Sattorova va Aydana Smetullayevadan iborat jamoa finishga ikkinchi bo‘lib keldi. W1x yakkalik bahsida Anna Prakaten ham kumush medal oldi.
Erkaklar o‘rtasidagi LM2x dasturida esa Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev finishda birinchi bo‘lib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shdi. Ushbu juftlik joriy yilgi jahon chempionatida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
O‘zbekiston vakillari ushu bo‘yicha ham ikki bronza medalga ega bo‘ldi. -56 kilogramm vazn toifasida Saydullo Abdurashidov, -75 kilogrammda esa Doniyor Turg‘unboyev shohsupaga ko‘tarildi.
Qilichbozlikda rapira bo‘yicha ishtirok etgan Polina Volobuyeva yarim finalga qadar yetib borib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kibersportda esa O‘zbekiston Osiyo o‘yinlaridagi ilk medaliga erishdi. Futbol simulyatori bo‘yicha bahslarda Abubakr Iminjanov va Farrux Mirhamidov musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Medallar jadvalini hamon Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya uchligi boshqarib turibdi.
Hozircha O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 4 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza – jami 21 ta medal mavjud. Bu natija mamlakatimizni umumiy medallar jadvalida 7-o‘ringa olib chiqdi.
24-sentabr kuni O‘zbekiston sportchilari akademik eshkak eshish, baydarka va kanoe, boks, yengil atletika, qilichbozlik, suzish, stol tennisi, o‘q otish, chim ustida xokkey, suv polosi va sport gimnastikasida ishtirok etadi.
Jumladan, akademik eshkak eshishda Shahboz Xolmurzayev, Mehrojbek Mamatqulov va Pavel Sorin, Maksim Golubev va Alisher Turdiyev, bir qator ayollar jamoalari final bahslarida qatnashadi.
Boksda Feruza Kazakova, Shavkatjon Boltayev va Navbahor Hamidova ringga chiqsa, sport gimnastikasida Oksana Chusovitina hamda O‘tkirbek Jo‘rayev va Ravshan Komiljonov final bahslarida ishtirok etdi.
Joriy Osiyo va Para Osiyo o‘yinlaridan boshlab O‘zbekiston sportchilari uchun medallar evaziga beriladigan mukofot pullari oshirildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Osiyo va Para Osiyo o‘yinlarida oltin medal sohibi 25 ming, kumush medal sohibi 12 ming, bronza medal sohibi esa 6 250 AQSh dollari miqdorida bir martalik pul mukofoti oladi.
Medaldor sportchilarni tayyorlagan murabbiylar ham rag‘batlantiriladi: chempionni tayyorlagan ustozga 10 ming, kumush medal sohibining murabbiyiga 5 ming, bronza medal sohibining ustoziga 2 500 AQSh dollari beriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








