Finlyandiyada O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkazildi
Avgust 24, 2026. 09:00 • 2 daq
• 190
HELSINKI, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi va Finlyandiyada faoliyat yuritayotgan “Yulduz” Markaziy Osiyo jamiyati hamkorligida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirlarni tashkil etishdan asosiy maqsad Finlyandiyada bo‘lib turgan vatandoshlar, mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirokida O‘zbekistonning milliy madaniyati, sanʼati, musiqa va raqs anʼanalarini keng targ‘ib qilish, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini xorijiy jamoatchilikka namoyish etishdan iborat bo‘ldi.
Helsinki shahrida bo‘lib o‘tgan “Sanʼat kechasi” festivalida o‘zbek milliy musiqasi va raqslari, madaniy ko‘rgazmalar hamda milliy taomlar degustatsiyasi taqdim etildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning musiqiy anʼanalari, milliy sanʼati va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
15 yildan buyon anʼanaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Sehrli Ipak yo‘li” xalqaro festivali doirasida turli mamlakat sanʼatkorlari o‘z ijod namunalarini namoyish qildi. Konsert dasturida jahon musiqasi, milliy qadriyatlar va madaniy merosning zamonaviy talqinlari taqdim etildi. Buxoro viloyati madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma va taqdimotlar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvda Buxoro viloyatidan tashrif buyurgan sanʼatkorlar tomoshabinlarni o‘zbek milliy musiqa va raqs sanʼatining o‘ziga xos namunalaridan bahramand qildi. Ijodkorlarning chiqishlari ishtirokchilar tomonidan olqishlanib, alohida hurmat-eʼtibor ko‘rsatildi.
Mazkur madaniy tadbirlar O‘zbekistonning xorijdagi ijobiy imijini mustahkamlash, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni xalqaro maydonda targ‘ib qilish imkonini berdi.
Shu bilan birga, bunday festivallar Finlyandiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi