Ruhi Ersoy: O‘zbekiston “Uchinchi Renessans” sari dadil ildamlamoqda

Avgust 31, 2026. 16:33 • 3 daq

138
Ruhi Ersoy: O‘zbekiston “Uchinchi Renessans” sari dadil ildamlamoqda

ANQARA, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Ahmed Jevad tadqiqot instituti direktori, professor Ruhi Ersoyning O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi fikr-mulohazalari yetakchi turk ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “Bengü Türk”, “Independent Türkçe”, “Haber7” kabi nufuzli nashrlar olimning O‘zbekiston taraqqiyoti haqidagi tahliliy qarashlarini eʼlon qildi.

Professor Ruhi Ersoyning taʼkidlashicha, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida ming yildan ortiq davlatchilik va sivilizatsiya anʼanalariga ega mamlakat sifatida xalqaro maydonda tobora ko‘proq eʼtibor qozonmoqda.

Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotini jadallashtirib, O‘zbekistonni Turkiy dunyoning yuksalayotgan markazlaridan biriga aylantirmoqda.

Olim O‘zbekistondagi o‘zgarishlar ko‘lami haqida so‘z yuritar ekan, mamlakatning shaharsozlik va zamonaviy infratuzilma sohasidagi yirik loyihalarini alohida qayd etgan. Jumladan, birinchi bosqichiga 100 milliard dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirilayotgan Yangi Toshkent shahri qurilishi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlari va ulkan salohiyatining yorqin ifodasi bo‘lmoqda.

O‘zbekiston taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotgan g‘oyalardan biri – “Uchinchi Renessans” konsepsiyasidir. Bu g‘oya tarixiy xotirani tiklash, davlat institutlarini mustahkamlash, ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish hamda kelajak avlod uchun farovon jamiyat barpo etishga qaratilgan uzoq muddatli taraqqiyot maqsadini ifodalaydi.

Ruhi Ersoy mazkur g‘oyaning ildizlari O‘zbekistonning boy tarixiy merosiga borib taqalishini taʼkidlagan. Uning fikricha, IX–XI asrlardagi Birinchi Renessans davrida Samarqand, Buxoro va Xorazm kabi ilm-fan markazlarida yetishib chiqqan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino va Moturidiy singari buyuk allomalar jahon sivilizatsiyasi va ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Ikkinchi Renessans esa Amir Temur va Temuriylar davri bilan bog‘liq bo‘lib, bu davrda Samarqand ilm-fan, madaniyat, sanʼat va shaharsozlikning dunyodagi yirik markazlaridan biriga aylangan. Bugungi “Uchinchi Renessans” g‘oyasi ana shu ikki buyuk yuksalish davrining zamonaviy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar faqat iqtisodiy sohalar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Milliy o‘zlikni mustahkamlash, tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, oila institutini qo‘llab-quvvatlash hamda mahalla madaniyatini saqlashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, qayta tiklangan va obodonlashtirilgan Imom Buxoriy majmuasi islom sivilizatsiyasi merosini asrash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lida amalga oshirilgan muhim ishlardan biri sifatida qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish