Shtefan Fyule: Bugun siz barpo etayotgan davlat boy o‘tmishingizning munosib va samarali davomidir

Avgust 31, 2026. 17:21 • 2 daq

102
Shtefan Fyule: Bugun siz barpo etayotgan davlat boy o‘tmishingizning munosib va samarali davomidir

PRAGA, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Xalqaro maslahatlashuv kengash aʼzosi, Yevropada kengayish va Yevropa qo‘shnichilik siyosati bo‘yicha sobiq komissari, chexiyalik diplomat Shtefan Fyule O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabriklari va eng ezgu tilaklarini yo‘lladi:

— Avvalambor, O‘zbekistonning barcha fuqarolarini Mustaqillikning 35 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Siz boy tarixiy merosingizga tayangan holda zamonaviy davlat barpo etishga erishdingiz. Bir vaqtlar siz mashhur Buyuk ipak yo‘lining eng muhim qismi bo‘lgansiz va rivojlangan davlatchilikka ega edingiz. Bugun siz barpo etayotgan davlat boy o‘tmishingizning munosib va samarali davomidir. Siz o‘z tarixingizdan ilhom olasiz va ushbu tajribani boshqalarga namuna sifatida ko‘rsata olishingiz bilan faxrlanishingiz kerak.

Siz nafaqat o‘z mamlakatingizni, balki butun mintaqani o‘zgartirdingiz. Qo‘shnilaringizga bo‘lgan eʼtiboringiz, butun mintaqadagi yaxshi niyatli insonlar bilan hamkorlik qilishga ochiqligingiz Markaziy Osiyo mamlakatlarini ko‘plab umumiy muammolarni birgalikda hal etish yo‘lida birlashishga ilhomlantirdi.

Siz har doim o‘z fuqarolaringizni mamlakatni rivojlantirish jarayonlariga jalb etib keldingiz. Bir necha yil oldin yangilangan Konstitutsiya, mening nazarimda, buning eng yorqin misolidir. U xalq bilan muloqot va o‘zaro hamkorlik innovatsiya ruhini shakllantirish hamda mamlakat taraqqiyotiga yangi surʼat bag‘ishlashga qanchalik qodir ekanini ko‘rsatdi.

O‘tgan 35 yil davomida siz ulkan yutuqlarga erishdingiz. Bir necha yil oldin Yevropa Ittifoqida kim ham tasavvur qila olardi: bir tomondan Markaziy Osiyo va ushbu jarayonda juda faol rol o‘ynagan O‘zbekiston, ikkinchi tomondan Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar strategik sheriklikni rivojlantiradi deb. Siz bizni bunga ilhomlantirdingiz.

Siz juda murakkab, aytish mumkinki, markaziy mintaqada joylashgansiz, atrofingizda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Yevropa Ittifoqi, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va boshqa yirik geosiyosiy hamda iqtisodiy loyihalar mavjud. Biroq ushbu xavf-xatarlardan cho‘chish o‘rniga, siz ularni imkoniyatlarga — o‘z davlatingiz va xalqingiz uchun yangi istiqbollarga aylantira oldingiz.

Mustaqillikka erishilganidan 35 yil o‘tib, bu boshqalar uchun juda yaxshi ibrat va namuna bo‘lishi kerak.

Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish