AQShning Montana shtatida 1-sentabr rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb eʼlon qilindi

Sentabr 04, 2026. 16:00 • 2 daq

200
AQShning Montana shtatida 1-sentabr rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb eʼlon qilindi

VAShINGTON, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan AQShning Montana shtati gubernatori Greg Jianforte 2026-yil 1-sentabrni shtat miqyosida rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Gubernator tomonidan imzolangan maxsus proklamatsiyada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz suvereniteti, boy madaniy merosi hamda tinchlik, farovonlik va milliy taraqqiyot sari izchil intilishlarini ifoda etuvchi muhim tarixiy sana ekani qayd etilgan.

Hujjatda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligi, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoda barqarorlikni taʼminlashga qo‘shayotgan hissasi alohida eʼtirof etilgan.

O‘zbekistonning Sietl shahrida birinchi Bosh konsulxonasining ochilishi tarixiy voqea ekani, u Montana shtatiga ham xizmat ko‘rsatib, ikki tomonlama madaniy, iqtisodiy va taʼlimiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlangan.

Shunga ko‘ra, o‘zbek-amerika hamjamiyatining doimiy saʼy-harakatlari eʼtirof etilib, Montana shtati O‘zbekiston bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yana-da rivojlantirishga tayyorligi bildirilgan.

Montana AQShning hududi jihatdan eng yirik shtatlaridan biri bo‘lib, yuqori texnologiyalar, agrotexnologiya, energetika va biotexnologiya sohalarida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish