Vashingtonda O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi

Sentabr 04, 2026. 22:00 • 3 daq

133
Vashingtonda O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi
Vashingtonda O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi
Vashingtonda O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi
Vashingtonda O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi

VASHINGTON, 4-sentyabr. /“Dunyo” AA/. AQSH poytaxtida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Oq uy, Kongress, Davlat departamenti, Pentagon, Savdo, Moliya, Mehnat, Ichki xavfsizlik va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi, Eksport-import banki va boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar orasida AQSHning yetakchi kompaniyalari va savdo palatalari rahbarlari, tadqiqot va taʼlim muassasalari, OAV, nodavlat tashkilotlar, diplomatik korpus hamda AQSH va Kanadadagi o‘zbek diasporasi vakillari ham bo‘ldi.

Qabul chog‘ida Amerika maʼmuriyati va Kongressi vakillari O‘zbekiston rahbariyati va xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etdilar. So‘zga chiqqanlar barcha darajadagi ishonchli muloqot, jadal rivojlanayotgan savdo-investitsiyaviy aloqalar hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona rishtalar kengayayotgani tufayli o‘zbek-amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada yuksalganini taʼkidladilar.

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, investorlar huquqlari kafolatlarining mustahkamlanishi, inson qadrini ulug‘lash tamoyilining qaror topishi hamda mamlakatning xalqaro nufuzi izchil oshib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Amerika tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv va integratsiyani ilgari surishdagi yetakchi rolini yuqori baholadi.

Ishtirokchilar savdo, investitsiya, taʼlim, sog‘liqni saqlash, ilg‘or texnologiyalar va mudofaa sohalarida hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini urg‘uladilar.

Qabul marosimi doirasida Boston bolalar shifoxonasi (AQSH) menejeri Nilufar Qahorova va “The Healthy Way” tibbiyot markazi (Kanada) rahbari Nodira Yuldashevaga “Salomatlik” ordenini topshirish marosimi tashkil etildi. Mukofotlanganlar kamtarona mehnatlariga berilgan yuqori baho uchun chuqur minnatdorlik bildirib, milliy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, xalqaro tibbiy hamkorlikni kengaytirish hamda xorijdagi vatandoshlarning tarixiy vatan bilan aloqalarini mustahkamlashga bundan buyon ham munosib hissa qo‘shishlarini taʼkidladilar.

Mehmonlar uchun taniqli o‘zbek ijrochilari va ijodiy jamoalari ishtirokida boy madaniy dastur tashkil etildi. Milliy taomlar, anʼanaviy sanʼat namunalari ko‘rgazmasi hamda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va diqqatga sazovor maskanlariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma taqdim etildi.

Tadbirda, shuningdek, AQSH va Kanadaning turli shtatlarida faoliyat yuritayotgan o‘zbek diasporasining 23 ta tashkiloti rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Vatandoshlar ularga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, vatan bilan aloqalarini mustahkamlash borasidagi izchil ishlar uchun minnatdorlik bildirdilar.

Tantanali qabul marosimining yuqori tashkiliy va vakillik darajasida o‘tkazilishi AQSHning rasmiy, biznes va jamoatchilik doiralarining zamonaviy O‘zbekistonga ortib borayotgan qiziqishini namoyish etdi. Tadbir o‘zbek-amerika strategik sherikligini yana-da mustahkamlashga, mamlakatning ijobiy qiyofasini ilgari surishga va xorijdagi vatandoshlarni jipslashtirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish