Ostonada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi
Sentabr 15, 2026. 19:02 • 3 daq
• 132OSTONA, 15-sentyabr. / “Dunyo” AA/. Ostona shahridagi “St. Regis Astana” mehmonxonasida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda 350 ga yaqin mehmon, jumladan, Qozog‘iston Hukumati, vazirlik va idoralari vakillari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar va jurnalistlar, Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Qabul marosimi zali kirishida mehmonlar uchun o‘zbek hunarmandlari tomonidan yaratilgan zargarlik buyumlari, gilamlar, milliy liboslar, adras va yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Musiqiy jo‘rlik “Astana Opera” Davlat opera va balet teatrining kamer orkestri tomonidan milliy va mumtoz asarlar ijrosi orqali taʼminlandi. Tadbirning rasmiy qismi ikki mamlakat davlat madhiyalarining ijrosi bilan boshlandi.
Marosimda O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov hamda Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin qutlov so‘zi bilan chiqish qildi.
Serik Jumangarin o‘z nutqida O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. U Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ikki mamlakat rahbarlarining ishonchli siyosiy muloqoti tufayli strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida jadal rivojlanayotganini taʼkidladi. Siyosiy kelishmovchiliklar mavjud emasligi va ikki tomonlama aloqalarni yana-da kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratilgani alohida qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yilda o‘zaro savdo aylanmasi 16,2 foizga oshib, 4,9 milliard dollarni tashkil etdi, 2026-yilning dastlabki olti oyida esa ushbu ko‘rsatkich 2,8 milliard dollarga yetdi (2025-yilning mos davrida 2,09 milliard dollar bo‘lgan). Iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida sanoat kooperatsiyasi ko‘rsatildi. Hozirga qadar umumiy qiymati 227 million dollarlik 15 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilgan.
Shuningdek, hududlararo, taʼlim va ilmiy hamkorlik izchil rivojlanayotgani aytib o‘tildi. Xususan, Oqtau shahrida hududlar rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi va Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 23-yig‘ilishi o‘tkazilgani, Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti filiali hamda Chirchiq shahrida M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Toshkent viloyatidagi 34-sonli maktabga qozoq yozuvchisi va jamoat arbobi Raxmetolla Raimqulov nomi berilgani alohida eʼtirof etildi.
Serik Jumangarin tarix, madaniyat va qardoshlik rishtalarining umumiyligi ikki xalq o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining asosi ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Muloqotlar davomida Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Muxtar Yerman, Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi rahbari, elchi Aleshka Simkich va Xitoy elchisi Xan Chunlin O‘zbekiston tomonini bayram bilan tabriklab, mustaqillik yillarida mamlakat erishgan salmoqli natijalarni, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish surʼatlarini hamda davlatni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlar ko‘lamini yuqori baholadilar.
Tadbir doirasida boy madaniy va gastronomik dastur tashkil etildi. Toshkentdagi “La Maison du Chapan” art-butikining milliy liboslar kolleksiyasi namoyishi bo‘lib o‘tdi. Konsert dasturidan “Navbahor” ashula va raqs ansambli hamda “SADO” vokal-cholg‘u ansamblining chiqishlari o‘rin oldi.
Mehmonlar rasmiy qabul marosimining yuqori tashkiliy saviyasi va mazmundorligini, shuningdek, O‘zbekistonning boy milliy sanʼati, anʼanalari va samimiy mehmondo‘stlik muhitini alohida eʼtirof etdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonga tinchlik va taraqqiyot, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlanishini tiladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




