Bangkokda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Sentabr 07, 2026. 09:30 • 2 daq
• 150BANGKOK, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Tailanddagi Bosh konsulxonasida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Tailand Tashqi ishlar vazirligi, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston va Butan elchixonalari diplomatlari, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti vakillari hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Bosh konsul Faxriddin Sultanov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida so‘nggi 10 yilda erishilgan muhim yutuqlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani taʼkidlandi.
Tashqi siyosat sohasida avvalgi o‘zini-o‘zi yakkalash siyosatidan voz kechilib, O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosat yuritilayotgani qayd etildi. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda qarama-qarshilikka asoslangan yondashuvdan ochiq va konstruktiv muloqotga o‘tilgani taʼkidlandi.
Ozarbayjon elchisi Elchin Bashirov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. U ikki davlat rahbarlarining o‘zaro do‘stona va iliq munosabatlariga alohida to‘xtalib, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi hamda ikki tomonlama hamkorlik izchil davom etishiga ishonch bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari orasida O‘zbekistonga safar qilganlar ham bo‘lib, ular mamlakatimizning boy tarixi, madaniyati, sanʼati va diqqatga sazovor obidalarida olgan yorqin va unutilmas taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bangkok Danse akademiyasi katta xoreografi, vatandoshimiz Kuralbay Saparov tomonidan tayyorlangan dastur asosida tailandlik o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan lazgi va boshqa o‘zbek milliy raqslari namoyish etildi.
Xorijiy mehmonlarga O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyatini tarannum etuvchi materiallar taqdim etildi. Shuningdek, tantanali yig‘ilish ishtirokchilari uchun milliy anʼanalarimizga xos bayram dasturxoni tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



