Chjan Si: O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy va aholi turmush darajasini yaxshilash borasida ulkan natijalarga erishdi

Avgust 23, 2026. 15:00 • 3 daq

113
Chjan Si: O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy va aholi turmush darajasini yaxshilash borasida ulkan natijalarga erishdi

PEKIN, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. Pekin pedagogika universitetining Kambag‘allikka qarshi kurashish instituti dekani Chjan Si mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan institut hamda o‘zim nomimdan samimiy qutlab, alangali salom yo‘llayman.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi turmush sifatini yaxshilash, ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ulkan natijalarga erishdi. Tadqiqotlarimiz natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi izchil pasayib borayotganini ko‘rish mumkin.

Mamlakat xalqaro qashshoqlikka qarshi kurash va BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shdi. O‘zbekiston tajribasi kambag‘allikni samarali qisqartirishning yorqin namunasi bo‘ldi.

O‘zbekiston qashshoqlikka qarshi kurashish yo‘nalishida ilg‘or xalqaro tajribani o‘zlashtirmoqda va hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Xususan, kambag‘allikni qisqartirish va barqaror rivojlanish siyosati modelini shakllantirish uchun Xitoy va boshqa davlatlar bilan munosabatlarni kengaytirmoqda.

So‘nggi yillarda Xitoy–O‘zbekiston hamkorligi jadal rivojlanib, sezilarli natijalar qo‘lga kiritildi. Davlat darajasida mamlakatlarimiz yetakchilarining yaqin aloqalari o‘zaro hamkorlikning asosiy drayveri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz savdo-iqtisodiy, transport, ilmiy-texnikaviy, gumanitar sohalarda, kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘nalishida keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.

O‘zbekiston tajribasi, yutuqlari, mavjud muammolarni tahlil qilish va Xitoy tajribasi bilan taqqoslash natijasida qator tavsiyalar tayyorladik. Ular O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilindi va ijobiy samara berdi.

Bundan tashqari, institutimiz O‘zbekiston bilan barqaror hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Mutaxassislarimiz o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun muntazam ravishda treninglar tashkil etib kelmoqda.

Yaqinda o‘tkazilgan xizmat safari davomida biz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi innovatsiyalarini joriy etishga bo‘lgan yuqori ehtiyojni ko‘rdik. Dehqonchilik bo‘yicha tajribalar, suv tejovchi texnologiyalar, ixtisoslashtirilgan o‘simlikshunoslik va chorvachilik, himoyalangan yer, sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot kabi loyihalar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shu bilan birga, biz mutaxassislar tayyorlash, oliy taʼlim, umumiy va majburiy maktab taʼlimi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun ko‘plab imkoniyatlarga egamiz. Bu yo‘nalishlar Xitoy–O‘zbekiston hamkorligi uchun keng ufqlarni ochadi.

O‘zbekistonga yangi tarixiy bosqich – Mustaqillikning 35 yilligida yangi va yorqin yutuqlar tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish