Rossiyaning Novosibirsk viloyati qariyb 200 ming nafar ishchiga ehtiyoj sezmoqda
Iyun 01, 2026. 17:25 • 2 daq
• 129
NOVOSIBIRSK, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Novosibirsk davlat iqtisodiyot va boshqaruv universitetida ilk bor mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Novosibirsk viloyati Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vazirligining masʼul xodimlari hamda mehnat migratsiyasi masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh konsuli Aslam Akbarov Novosibirsk viloyati hududida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish Bosh konsulxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelayotgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini taʼkidladi.
Novosibirsk viloyati Mintaqaviy siyosat vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, mintaqada Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarini ishga jalb etishda barqaror ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Shu bilan birga, 2025-yilda Novosibirsk viloyatiga ishlash uchun kelgan barcha xorijiy fuqarolarning 56 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishi qayd etildi.
Novosibirsk viloyati Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vazirligi vakili esa, o‘z navbatida, hozirda viloyatga 200 mingga yaqin ishchi kerakligini maʼlum qildi. Xususan, ular orasida eng ko‘p talab tokarlar, payvandchilar, frezerchilar, bo‘yoqchilar, betonchilar, armaturachilar, elektriklar hamda agrobiznes sohasi mutaxassislari sezilayotgani aytib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Rossiya tomoni O‘zbekistonlik hamkorlar bilan Novosibirsk viloyati korxonalariga ishga joylashtirish uchun yurtimizdan talabgir mutaxassislarni tartibli ravishda jalb etish masalalari bo‘yicha amaliy maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Belgiyada shifokorlar va o‘zbek diplomatlarining saʼy-harakatlari tufayli og‘ir xastalangan O‘zbekiston fuqarosining hayoti saqlab qolindi



