Shoshilinch: 1-yanvardan boshlab xorijlik sayyohlar uchun Gruziyaga kirishning yangi qoidalari joriy etildi
Yanvar 08, 2026. 15:14 • 2 daq
• 237
TBILISI, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Bokudagi elchixonasiga Gruziya Tashqi ishlar vazirligining maxsus notasi kelib tushdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu notada Gruziyaning “Turizm to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab Gruziya hududiga turistik maqsadlarda kiradigan barcha chet el fuqarolari amaldagi tibbiy sug‘urta polisiga, qog‘oz yoki elektron shaklda rasmiylashtirilgan va gruzin yoki ingliz tilida mavjud bo‘lgan baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashga ega bo‘lishlari shartligi maʼlum qilingan.
Sug‘urta polisi Gruziyadagi yoki xorijiy sug‘urta kompaniyasi tomonidan berilishi mumkin. Bunda eng kam sug‘urta summasi kamida 30 ming gruzin lariga (1 ming 154,88 AQSh dollari) teng bo‘lishi kerak.
Sug‘urta polisi majburiy tartibda quyidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi:
• sug‘urta shartnomasi tomonlari;
• sug‘urtalangan hudud;
• sug‘urta predmeti;
• sug‘urta qoplamasining boshlanish va tugash sanalari;
• sug‘urtalangan risklar;
• sug‘urta summasi miqdori (javobgarlik limitlari);
• sug‘urta mukofotining miqdori, uni to‘lash joyi va shartlari.
Polis turistning Gruziya hududida bo‘lgan butun davrini, shu jumladan, kirish va chiqish sanalarini qamrab olishi kerak.
Quyidagi toifadagi shaxslar sug‘urta polisi mavjud bo‘lishini majburiy talab qilishdan ozod etiladi:
• diplomatik va maxsus viza egalari;
• diplomatik, xizmat, rasmiy va maxsus pasport egalari;
• diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan tuzilmalarning akkreditatsiya qilingan xodimlari hamda ularning akkreditatsiya qilingan oila aʼzolari;
• Gruziyaga kirishi Gruziyaning xalqaro shartnomalari va bitimlariga muvofiq amalga oshiriladigan shaxslar;
• avtomobilda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar.
Elchixona ushbu maʼlumotni O‘zbekistondagi vazirlik va idoralar hamda fuqarolarga belgilangan tartibda yetkazish, ularga davlat chegarasini kesib o‘tishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarning oldini olish uchun Gruziya qonunchiligi talablariga muvofiq sug‘urta polislarini oldindan rasmiylashtirishni tavsiya qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi