Praga shahrida O‘zbekistonning xalqaro turizm va sayyohlik ko‘rgazmasida ishtiroki muhokama qilindi
Yanvar 27, 2026. 09:00 • 2 daq
• 200
PRAGA, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Praga shahrida mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari Chexiyaning “ABF a.s.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida 2026-yil 12–14-mart kunlari Praga shahrida bo‘lib o‘tadigan “Holiday World & Region World” xalqaro turizm va hududiy sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillarining ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“ABF a.s.” kompaniyasi Chexiyadagi eng yirik va yagona ixtisoslashtirilgan turizm ko‘rgazmasi “Holiday World & Region World”ning tashkilotchisi hisoblanadi. Bu ko‘rgazma ham professional ishtirokchilar (B2B), ham keng jamoatchilik (B2C) uchun mo‘ljallangan. 2025-yilda o‘tkazilgan ko‘rgazmada 25 davlatdan 300 dan ortiq sayyohlik tashkilotlari va mehmonxonalar vakillari ishtirok etgan.
Ushbu chex kompaniyasi rahbariyati 2025-yil 17-dekabrda Praga shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan madaniy-gastronomik tadbirda qatnashib, mamlakatimizning milliy taomlari, boy madaniyati va sayyohlik imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil maʼlumotga ega bo‘lganini taʼkidladi.
Chex tomoni mavjud imkoniyatlarni hisobga olib, O‘zbekistonning “Holiday World & Region World” ko‘rgazmasida ishtiroki turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shishini aytib o‘tdi.
Tadbir dasturiga ko‘ra, birinchi kun B2B formatida o‘tib, turoperatorlar, turagentliklar hamda milliy turizm idoralari o‘rtasida oldindan belgilangan ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etiladi. Keyingi kunlar esa keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, madaniy va taqdimot dasturlari bilan boyitiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
