Butunjahon turizm va sayohat kengashi bosh qarorgohi Buyuk Britaniyadan Madrid shahriga ko‘chadi
Fevral 01, 2026. 09:05 • 2 daq
• 147
MADRID, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Madrid shahri Butunjahon turizm va sayohat kengashi (WTTC)ning yangi bosh qarorgohi sifatida tanlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ispaniya sanoat va turizm vaziri Xordi Ereu, WTTC prezidenti Gloriya Gevara hamda Madrid meri Xose Luis Martines-Almeyda o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan.
Tashkilot qarorgohini joylashtirish uchun Madrid bilan birga Jeneva, Milan, Parij va Dubay kabi yirik markazlar nomzodi ham ko‘rib chiqilgan.
Butunjahon turizm va sayohat kengashi turizm sohasidagi xususiy sektor manfaatlarini ifoda etuvchi yetakchi xalqaro tashkilot bo‘lib, o‘z atrofida 200 dan ortiq yirik xalqaro kompaniyalarni birlashtiradi. Uning aʼzolari qatorida “Iberostar”, “Hilton”, “Google”, “Expedia” va “Hyatt” kabi global brendlar mavjud.
Qarorgohning Madridga ko‘chirilishi WTTC va Ispaniya o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlash bilan birga, shaharning turistik tarmog‘ini strategik boshqarish bo‘yicha jahondagi asosiy markazlardan biri sifatidagi maqomini yana-da oshiradi. Ispaniya tomoni ushbu kelishuvni mamlakatning global turizm maydonidagi yetakchiligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim yutuq deb baholadi.
WTTC prezidenti Gloriya Gevaraning taʼkidlashicha, qarorgohning ko‘chirilishi turizmning yangi modelini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, aynan Madriddan turib jahon xususiy sektorining strategik rivojlanish yo‘nalishlari belgilanadi. Shu tariqa, WTTC bosh ofisining Buyuk Britaniyadan Ispaniyaga ko‘chirilishi natijasida Madrid xalqaro turizm boshqaruvining markaziy nuqtasiga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1975-yildan buyon Ispaniya poytaxtida BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UN Tourism) qarorgohi ham faoliyat yuritib kelmoqda. Bu esa Madridning dunyo turizm siyosatini belgilovchi yagona shahar sifatidagi nufuzini yana-da mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
