Logo

“Made in Uzbekistan” brendi Iroq bozorida namoyish etiladi

Fevral 01, 2026. 12:20 • 59 soniya

5
“Made in Uzbekistan” brendi Iroq bozorida namoyish etiladi

BAG‘DOD, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun O‘zbekiston biznes-delegatsiyasi maxsus charter reys bilan Toshkentdan Iroq poytaxtiga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Eksportyorlar uyushmasi, Farmatsevtika, o‘simliklar karantini, zargarlik sanoati agentliklari hamda “O‘zavtosanoat”, “O‘zcharmsanoat”, “O‘zeltexsanoat” uyushmalari vakillari, shuningdek, 200 nafarga yaqin tadbirkor va OAV xodimlari joy olgan.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning 1–7-fevral kunlari bo‘lib o‘tayotgan nufuzli Bag‘dod ko‘rgazmasida O‘zbekiston ilk bor “Faxriy mehmon” maqomida ishtirok etmoqda.

Tashrif dasturidan “Iroq–O‘zbekiston biznes-forumi” hamda B2B va B2G formatlaridagi muzokaralar o‘rin olgan. O‘zbekistonlik tadbirkorlar "Made in Uzbekistan" milliy brendi ostidagi maxsus pavilyonda o‘z mahsulotlarini namoyish etish bilan birga, Iroqning ulgurji bozorlarini o‘rganish, mahalliy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va mahsulotlarni qabul qilish punktlari hamda omborlarni ko‘zdan kechirishni rejalashtirganlar.

Ekspertlarning fikricha, ushbu keng ko‘lamli tashrif ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu qadam o‘zbek mahsulotlarining Iroq bozoriga eksporti hajmini oshirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish