Logo

30-31-mart kunlari Termizda “O‘zbekiston - Rossiya: Yevroosiyo makonida strategik hamkorlik” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tadi

Mart 18, 2026. 08:55 • 2 daq

367
30-31-mart kunlari Termizda “O‘zbekiston - Rossiya: Yevroosiyo makonida strategik hamkorlik” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. 30-31-mart kunlari Termiz shahrida “O‘zbekiston–Rossiya: Yevroosiyo makonida strategik hamkorlik” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda “Valday” xalqaro munozara klubi tomonidan tashkil etilmoqda.

Konferensiya O‘zbekiston va Rossiya davlat idoralari, tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat taniqli ekspertlarni bir maydonda jamlaydi.

Tadbirda O‘zbekiston nomidan SMTI direktori Eldor Aripov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov, raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxo‘jayev va boshqalar ishtirok etadi.

Rossiya delegatsiyasi tarkibi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin, elchi Aleksey Yerxov, “Valday” klubi fondi Kengashi raisi Andrey Bistriskiy, “Valday” klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondining ilmiy ishlar bo‘yicha direktori Fyodor Lukyanov, “Valday” klubining dasturiy direktori Timofey Bordachyov, Tatariston sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari German Lerner va boshqalardan tashkil topgan.

Konferensiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston–Rossiya strategik hamkorligini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va texnologik sohalardagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat.

Asosiy eʼtibor Yevroosiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, sanoat hamkorligi, investitsiyalar va raqamlashtirishni rivojlantirish, shuningdek, transport aloqasi va xalqaro savdo infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.

Bo‘lajak konferensiyaning o‘ziga xos jihati Tatariston Respublikasi delegatsiyasi ishtirokida maxsus hududlararo sessiya tashkil etilishidir. Ushbu muhokama doirasida Tatariston Respublikasi va Termiz shahri vakillari sanoat, sarmoyaviy va gumanitar hamkorlikka oid joriy loyihalarni amaliy jihatdan muhokama qilish, shuningdek, hududlararo hamkorlikni yana-da ilgari surish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Konferensiya ikki tomonlama uchrashuvlar orqali ekspertlar muloqotini olib borish uchun anʼanaviy platforma bo‘lib xizmat qiladi. Tadbir O‘zbekistonning janubiy chegarasidagi strategik muhim transport markazi bo‘lgan Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi Termiz xalqaro savdo markazida bo‘lib o‘tadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish