Logo

Misrning yuzga yaqin dori vositasi O‘zbekistonda mahalliylashtiriladi

Mart 18, 2026. 15:45 • 2 daq

96
Misrning yuzga yaqin dori vositasi O‘zbekistonda mahalliylashtiriladi

TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, O‘zbekistonning “Dentafil” kompaniyasi hamda Misrning “ACDIMA” farmatsevtika guruhi rahbariyati o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarning bosh mavzusi ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida ishlab chiqarish borasidagi hamkorligini rivojlantirish, texnologiyalar transferi va yuzga yaqin dori vositalarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish masalalari bo‘ldi.

Tomonlar hamkorlikning navbatdagi bosqichida misrlik ishlab chiqaruvchilar va mutaxassislardan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi. Tashrif doirasida mahalliy korxonalarning texnologik imkoniyatlari o‘rganiladi va ishlab chiqarish uchun ustuvor bo‘lgan mahsulot turlari belgilanadi.

Loyihaning strategik maqsadi sifatida 2030-yilga qadar mamlakatimizda dori vositalarini mahalliylashtirish darajasini 40 foizga yetkazish belgilangan. Shu munosabat bilan, moliyaviy takliflar va iqtisodiy hisob-kitoblarni tayyorlashda xalqaro tajribadan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Misr tomoni loyihani amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston delegatsiyasini Qohiradagi ishlab chiqarish obyektlari bilan tanishish uchun taklif etdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning amaliy bosqichlarini batafsil muhokama qilish maqsadida yaqin kunlarda navbatdagi onlayn muloqotni o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish