Dori vositalaridan bodomzorlargacha: Hindiston kompaniyasi O‘zbekistondagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda
Aprel 03, 2026. 10:22 • 2 daq
• 135
DEHLI, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev «Shayana Farm» kompaniyasi raisi Ashok Kumar Tivari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hind kompaniyasi O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ida chorak asrdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bois, uning rahbari mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va yaratilgan investitsiyaviy muhit hamkorlikni faollashtirish uchun qulay sharoitlar yaratganini taʼkidladi.
Masalan, 2017-yilda Toshkent shahrida 4 million dollar miqdoridagi investitsiya hisobiga ishga tushirilgan «Will Med Farm» korxonasi bugungi kunda mamlakatimizda ommabop “Kyupen” preparatini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yangi yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
«Tashkent Pharma Park» innovatsion klasteri hududida qiymati 21 million dollar bo‘lgan zamonaviy zavod qad rostlamoqda. Ikki tomonlama yuqori qiziqish va bozor istiqbollarini inobatga olgan holda, ayni paytda ushbu loyiha doirasidagi investitsiyalar hajmini yana 6 million dollarga oshirish masalasi muhokama qilinmoqda.
Hindistonlik tadbirkor faqat farmatsevtika sohasi bilan cheklanib qolmaslikka qaror qildi. Diplomatik missiya rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalarini ochiqladi.
Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston agrar sektorda ulkan salohiyatga ega bo‘lib, ushbu mahsulotlarga Hindistonda talab juda yuqori.
Kompaniya rejalari rang-barangligi bilan eʼtiborni tortadi. Hind tadbirkori O‘zbekistondan quruq mevalar, dukkakli mahsulotlar va shifobaxsh kavrak o‘simligini eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Hindistonda bodomga bo‘lgan talab katta ekanligini inobatga olib, «Shayana Farm» Namangan viloyatida ushbu mahsulotni yetishtirish bo‘yicha investitsiya loyihasini ham ishlab chiqmoqda.
Dehlidagi uchrashuv Hindiston kapitali O‘zbekistonni uzoq muddatli ishlab chiqarish va texnologik o‘sish uchun ishonchli baza sifatida ko‘rayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Dori vositalarini ishlab chiqarishdan agrosanoat zanjirlarini yaratishga o‘tishgacha bo‘lgan amaliy saʼy-harakatlar xorij biznesi vakillarining O‘zbekistondagi yangilanish jarayoniga bo‘lgan ishonchi keng ko‘lamli strategik sheriklikka aylanganining yorqin ifodasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi