Logo

7-dekabr kuni Doha forumi doirasida Termiz muloqotiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tadi

Dekabr 05, 2025. 12:54 • 2 daq

119
7-dekabr kuni Doha forumi doirasida Termiz muloqotiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 5-dekabr. /“Dunyo” AA/. Shu yilning 7-dekabr kuni Doha forumi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha Termiz muloqotiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Har yili anʼanaviy ravishda tashkil etiladigan ushbu sessiya bu gal “Mintaqaviy bog‘liqlik orqali Afg‘onistonni qayta tiklash: Termiz muloqoti” shiori ostida o‘tkaziladi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Qatardagi Jorjtaun universiteti filialining Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

2025-yil may oyida Termiz shahrida boshlangan Termiz muloqoti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 11-iyuldagi maxsus rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash tashabbusini amaliy ilgari surish uchun doimiy platformadir.

Bugun chuqur geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni qayta tiklash zaruratga aylanmoqda. O‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik, muloqot va ishonch strategik ahamiyatli bo‘lgan makromintaqada xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashning muhim shartidir.

Afg‘oniston bu jarayonlarda alohida o‘rin tutadi. Geografik joylashuvi tufayli mamlakat ikki mintaqa o‘rtasida tabiiy ko‘prik vazifasini bajaradi. Pragmatik hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va Afg‘onistonning mintaqalararo jarayonlarda ishtiroki Markaziy va Janubiy Osiyoda uzoq muddatli barqarorlik va tinch rivojlanishni taʼminlashda hal qiluvchi omillar sifatida qaraladi.

Ayni shu masalalar bo‘lajak sessiya kun tartibining markazida bo‘ladi. Ishtirokchilar Afg‘onistonning transmintaqaviy aloqani taʼminlashdagi rolini, shuningdek, kengroq mintaqaviy kontekstda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qiladilar.

Sessiyani Qatardagi Jorjtaun universitetining Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori Zahra Babar olib boradi.

Muhokamada quyidagilar ishtirok etadi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev;

– SMTI direktori Eldor Aripov;

– Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit;

– Qatar tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Faysal Abdullah Al-Hanzab;

– Qatardagi Jorjtaun universiteti tarix professori Valid Ziad.

Eslatib o‘tamiz, Doha forumi 2002 yildan beri Qatar hukumati ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda va dolzarb global muammolarni muhokama qilish uchun muhim platforma hisoblanadi. 2025 yilda forum “Adolat amalda: vaʼdalardan taraqqiyot sari” mavzusida bo‘lib o‘tadi.

Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaqin Sharq, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Yaponiya hamda Koreyaning yetakchi tahlil markazlari rahbariyati va mutaxassislari, jami 150 ga yaqin davlatdan 8 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.  

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish