Logo

Uran va strategik minerallarni yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri bo‘lgan AQSh kompaniyasi Toshkentda o‘z mintaqaviy ofisini ochdi

Fevral 28, 2026. 15:11 • 3 daq

144
Uran va strategik minerallarni yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri bo‘lgan AQSh kompaniyasi Toshkentda o‘z mintaqaviy ofisini ochdi

TOSHKENT, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston poytaxtida Amerikaning “Traxys Group” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi birinchi mintaqaviy ofisining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Traxys Group” kompaniyasi dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida o‘z faoliyatini yuritadi hamda AQSh, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda o‘nlab xalqaro ofislariga ega. Uning yillik savdo aylanmasi taxminan 10 milliard AQSh dollarini tashkil etadi va uran va strategik minerallarni yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kiradi.

Qayd etish joizki, kompaniya AQSh hukumati uchun ishonchli minerallar yetkazib beruvchi sifatida tan olingan hamda U.S. International Development Finance Corporation (DFC) va Export-Import Bank of the United States (EXIM Bank) kabi xalqaro moliyaviy institutlar bilan yaqin hamkorlik olib boradi. Bu esa O‘zbekiston uchun nafaqat barqaror bozor, balki zamonaviy texnologiyalar, moliyaviy resurslar va xalqaro ekspertizani jalb qilish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda global iqtisodiyotda “kritik minerallar” tushunchasi yangi iqtisodiy drayver sifatida strategik ahamiyat kasb etmoqda. Volfram, molibden, nikel, kobalt, vanadiy kabi resurslar energetika, mudofaa sanoati, yuqori texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot” uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidentining qaroriga muvofiq O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tizimida 70 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 2030-yilga borib strategik foydali qazilmalar ishlab chiqarish hajmini 1 milliard dollardan oshirish ko‘zda tutilgan. Korxonada 2025-yil yakuni bilan 53 tonna volfram va 950 tonna molibden ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2026-2030 yillarda 16 ming tonna volfram va 5,5 ming tonna molibden ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Samarqand va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan sanoat klasterlari nafaqat qazib olish, balki boyitish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini ham qamrab oladi. Bu mamlakat ichida to‘laqonli qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi.

“Traxys Group” O‘zbekistonning muhim minerallar sohasiga 1 milliard dollar sarmoya kiritish tashabbusi orqali mutlaqo yangi moliyaviy va logistika modelini ilgari surmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu kelishuv anʼanaviy “qidiruv-qazib olish-qayta ishlash-sotish” sxemasidan tashqari, korporativ moliyalashtirish mexanizmlari orqali taʼminot zanjirini boshqarish strategiyasini shakllantiradi.

Kompaniyaning Markaziy Osiyodagi hamkori etib Temurbek Hikmatullayev tayinlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uzoq muddatli ofteyk shartnomalari asosida xarid qiladi va kelgusidagi yetkazib berishlarni oldindan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qiladi. Bundan tashqari, kompaniya xalqaro texnik va moliyaviy ekspertizalarni jalb qilgan holda geologiya-qidiruv, qazib olish va qayta ishlash sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarida ishtirok etadi.

Yangi ofis hamkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish, texnologik aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy moliya markazi sifatida faoliyat yuritish orqali investitsiya loyihalarini joyida samarali boshqarish imkoniyatlarini yaratadi.

“Traxys Group” bosh ijrochi direktori Mark Kristoffning taʼkidlashicha, hamkorlik, ayniqsa, “yashil” energetikaga o‘tishning jadallashuvi va ushbu resurslarga global talabning ortib borishi sharoitida O‘zbekistonni strategik minerallarni yetkazib berish global zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirishga qodir.

Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov, “Navoiuran” davlat korxonasi direktori Jamol Fayzullayev va O‘zbekiston texnologik metallar kombinati rahbari Farhod Abdullayev bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, 2025-yil 5-noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “Traxys Group” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan edi. Ushbu hujjat 2030-yilgacha tabiiy uranni uzoq muddatli yetkazib berishni nazarda tutadi. Shartnomalarning umumiy qiymati 1,7 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Shuningdek, joriy yilning 18-fevral kuni O‘zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi doirasida “Traxys Group” rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kompaniya tomonidan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofis ochish to‘g‘risida qaror qabul qilingani, ushbu hamkorlikning amaliy natijasidan dalolat beradi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qaror hamkorlik mexanizmlarini institutsional jihatdan mustahkamlash va tegishli organlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish