Logo

“Baku TV”: O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Ozarbayjon bozorida ko‘paymoqda

Aprel 19, 2026. 15:30 • 2 daq

85
“Baku TV”: O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Ozarbayjon bozorida ko‘paymoqda

BAKU, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning nufuzli “Baku TV” media platformasida O‘zbekistonning boy turizm salohiyati, ko‘p asrlik madaniy merosi va tarixiy qadriyatlari, uning turkiy dunyodagi o‘rni haqida maxsus reportaj tayyorlandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo AA muxbiri.

Reportajda taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, iqtisodiy, madaniy va gumanitar yo‘nalishlardagi aloqalar yangi mazmun bilan boyib bormoqda.

Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, eng avvalo, rahbarlar o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangani bilan ahamiyatlidir. Bu esa barcha sohalarda, jumladan, to‘qimachilik sanoatida ham amaliy natijalar bermoqda.

Xususan, to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Tomonlar nafaqat savdo aloqalarini kengaytirish, balki qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, zamonaviy to‘qimachilik klasterlarini yaratish bo‘yicha ham qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, Yavlax shahrida “Global tekstil” loyihasi (qiymati 104,8 million dollar), Imishli tumanida “TST tekstil” (54 million dollar), Xankendi shahrida “Business Tex” korxonasi (400 ta ish o‘rni, 20 million dollar) kabi tashabbuslar bu hamkorlikning amaliy ifodasidir.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, Ozarbayjonda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlariga bo‘lgan talab izchil ortib bormoqda. Har yili mazkur mamlakatga qariyb 1 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari import qilinadi. So‘nggi besh yilda esa bu talab 2,5 barobarga oshgani kuzatilgan.

Ayni paytda O‘zbekistondan Ozarbayjonga eksport qilinayotgan to‘qimachilik mahsulotlari hajmi 27 million dollarga yetgan bo‘lib, mavjud imkoniyatlar ushbu ko‘rsatkichni kamida ikki barobar oshirish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bu esa ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun yangi bozorlar va keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy manfaatlarga xizmat qilmoqda, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga zamin yaratmoqda. Bu esa kelgusida yana-da yirik qo‘shma loyihalar va yangi yutuqlar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish