Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi qo'mitasi yig'ilishida «O'zbekiston – 2030» strategiyasi taqdim etildi
Oktabr 26, 2023. 10:41 • 2 daq
• 1322
RIM, 26-oktyabr. /«Dunyo» AA/. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) Rimdagi qarorgohida Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi qo'mitasining 51-sessiyasi bo'lib o'tmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirda «2023-yil dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish holati to'g'risida»gi hisobot ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi. Hisobotda ocharchilikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziqlanishni yaxshilash maqsadlariga erishishdagi masalalar hamda yuzaga kelayotgan tendensiyalar chuqur tahlil qilingan.
Sessiyaning plenar yig'ilishida O'zbekiston vakili so'zga chiqib, mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida so'nggi olti yilda kambag'allik ikki barobarga kamayganini ta’kidladi. Taqdim etilgan hisobotda O'zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi darajasi, yosh bolalarda o'sish sur’ati va vazn yo'qotish kabi ko'rsatkichlar yaxshilanganini aks etgani qayd etildi.
O'zbekiston vakili, shuningdek, joriy yil sentyabr oyida qabul qilingan «O'zbekiston – 2030» strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Qayd etilganidek, 2030-yilga qadar mamlakatimizda kambag'allikni 7 foizga tushirish rejalashtirilgan. Yangi strategiyada qishloq xo'jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini oshirish uchun sohaga jami 15 milliard dollar investisiya jalb qilinishi belgilangani bildirildi. Shuningdek, iqlim o'zgarishi, bioxilmaxillik, ekologik vaziyat, xususan, Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan muammolarni salbiy ta’sirini yumshatish bo'yicha qat’iy choralar belgilangani urg'ulandi.
27-oktyabrgacha davom etadigan Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi qo'mitasining yig'ilishida, shuningdek, gender tengligi, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va yoshlarni qishloq xo'jaligiga jalb qilish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.
Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi qo'mitasi 1974-yilda tashkil etilgan. Uning vazifasi dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi holati bo'yicha davriy hisobot tayyorlash, global ahamiyatga ega strategiya va boshqaruv qoidalarini ishlab chiqishdan iborat. Qo'mita tomonidan qabul qilingan hujjatlar yuqori nufuzga ega bo'lib, uning hisobotlari FAO Konferensiyasi va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan baholanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Olmaotadagi ko'rgazmada O'zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi
Islomobodda O'zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati namoyish etildi