Rimda Italiya–O‘zbekiston rektorlar forumi bo‘lib o‘tadi
Fevral 18, 2026. 08:10 • 49 soniya
• 141
RIM, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugun Rim shahrida ikkinchi O‘zbekiston–Italiya rektorlar forumi o‘z ishini boshlaydi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nufuzli forumda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligida oliy taʼlim muassasalari rahbarlaridan tashkil topgan delegatsiya ishtirok etdi.
Italiya tomonidan Universitet va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini boshchiligida universitet rektorlari, prorektor va delegatlardan iborat ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir doirasida universitetlar o‘rtasida o‘tkazilgan qo‘shma ilmiy loyihalar konkursi natijalari va g‘oliblar maʼlum qilinib, yangi qo‘shma loyihalar konkursi boshlanishi eʼlon qilinadi. Shu bilan birga, universitetlar o‘rtasida 20 dan ortiq hamkorlik kelishuvi va memorandumlarni imzolash marosimi tashkil etildi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston delegatsiyasi uchun qator ikki tomonlama, jumladan, “Top-100”ga kiruvchi oliygohlar va innovatsion hab rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Birinchi Italiya–O‘zbekiston rektorlar forumi 2024-yil sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha forumda italiyaliklar delegatsiyasiga Italiya Universitet va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini boshchilik qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
