Logo

O‘zbekiston diplomatlari Istanbulda vatandoshning vahshiylarcha o‘ldirilishi bo‘yicha tergovni nazoratga oldi

Yanvar 25, 2026. 15:00 • 56 soniya

145
O‘zbekiston diplomatlari Istanbulda vatandoshning vahshiylarcha o‘ldirilishi bo‘yicha tergovni nazoratga oldi

ISTANBUL, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston fuqarosi X.D.ning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi tergovi mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV vaziri matbuot kotibi Ahror Burxonov telegram kanalida taʼkidlashicha, 2026-yil 24-yanvar kuni soat 19:40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum to‘plab yurgan fuqaro konteyner ichida o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Ko‘rik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.

Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi O‘zbekiston fuqarosi ekani tasdiqlandi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.

Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila aʼzolari bilan aloqa o‘rnatildi hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingan.

Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha maʼlumotlarni rasmiy manbalar orqali taqdim etib boradi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish