Logo

O‘zbekiston muftiysi Misrdagi xalqaro anjumanda qatnashdi va vatandoshlar bilan uchrashdi

Yanvar 23, 2026. 08:15 • 2 daq

175
O‘zbekiston muftiysi Misrdagi xalqaro anjumanda qatnashdi va vatandoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston muftiysi Misrdagi xalqaro anjumanda qatnashdi va vatandoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston muftiysi Misrdagi xalqaro anjumanda qatnashdi va vatandoshlar bilan uchrashdi

QOHIRA, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashabbusi bilan Qohira shahrida o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Islomdagi kasblar, ularning etikasi, taʼsiri va sunʼiy intellekt davrdagi kelajagi” mavzusida tashkil etilgan mazkur tadbirda islom dini bag‘rikeng va tinchlik dini ekani, global tahdidlar, aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, dunyoda barqarorlikni mustahkamlash masalalarida turli muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Misr safari davomida turli uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarining buguni va istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari, xususan, diniy-maʼrifiy, ilmiy-tadqiqot, tajriba almashish, soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish yuzasidan fikr almashildi, taklif va mulohazalar bildirildi.

Delegatsiya aʼzolari tashrif doirasida Misrda taʼlim olayotgan o‘zbek talabalari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Yoshlar bilan suhbatda O‘zbekiston muftiysi davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda diniy taʼlim, fatvo faoliyati va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng tushuntirish berdi.

So‘nggi yillarda diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Misrda tahsil olayotgan yoshlar kelgusida O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohaning tayanchi, jamiyatda maʼrifat, bag‘rikenglik va sog‘lom eʼtiqodni qaror toptiruvchi yetakchi mutaxassislar sifatida faoliyat yuritishi taʼkidlandi.

Uchrashuvda talabalarga ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, bo‘lib turgan davlatdagi qonun-qoidalarga qatʼiy rioya etish, xorijda orttirilgan bilim va tajribani mamlakat taraqqiyoti, diniy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish hamda yosh avlod tarbiyasi yo‘lida samarali qo‘llash zarurligi alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida yoshlar bu kabi samimiy muloqot va doimiy eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida yurt ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga tayyor ekanini izhor etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish