Logo

Misrning yetakchi farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda

Yanvar 16, 2026. 17:24 • 2 daq

161
Misrning yetakchi farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda

QOHIRA, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Misrning “Drug Pharma” farmatsevtika kompaniyasi rahbari doktor Ahmad Asi va uning o‘rinbosari Kamal Abdellatif bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Drug Pharma” 2016-yilda tashkil etilgan xususiy farmatsevtika kompaniyasi bo‘lib, yuqori sifatli nutritsevtiklar, vitamin-mineral komplekslar hamda pediatriya, ginekologiya, ortopediya va umumiy terapiya yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan dori mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Uchrashuvda kompaniya rahbari Ahmad Assi o‘tgan yili korxonaning umumiy aylanmasi qariyb 10 million dollarni tashkil etganini, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich ikki baravar oshishi kutilayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, kompaniya ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich kengaytirib, zamonaviy texnologik uskunalarni tadbiq etayotgani va xalqaro tartibga solish talablariga muvofiq sertifikatlash ishlarini olib borayotganini taʼkidladi. Eksport geografiyasini kengaytirish yaqin istiqboldagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston bilan tayyor mahsulotlar eksporti, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi formatlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu o‘rinda Ahmad Asi O‘zbekistonga tashrifni tashkil etishga katta qiziqish bildirdi. U hamkorlikning mavjud imkoniyatlarini, farmatsevtika va boshqa loyihalarga sarmoya kiritish istiqbollarini o‘rganishdan, shuningdek, mamlakatimiz salohiyati bilan chuqurroq tanishishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, “Drug Pharma” rahbari kompaniya bilan faol hamkorlik qilayotgan 500 ga yaqin shifokor uchun har yili xorijga sayyohlik safarlari tashkil etilishini maʼlum qildi. Misrlik tadbirkorga O‘zbekistonni bunday sayohatlar uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rib chiqish taklif qilindi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizning farmatsevtika, tibbiyot va investitsiya salohiyatini ilgari surish, Misr tibbiyot hamjamiyati bilan professional aloqalarni kengaytirish, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari, tibbiyot muassasalari va ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlikka barqaror qiziqishni shakllantirish, hamda tibbiy va biznes turizmini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

Uchrashuv yakunida “Drug Pharma” kompaniyasi va O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etish, uning doirasida kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish