Logo

Italiyaning Toskana hududi prezidentining O‘zbekistonga tashrifi muhokama qilindi

Mart 17, 2026. 14:59 • 2 daq

87
Italiyaning Toskana hududi prezidentining O‘zbekistonga tashrifi muhokama qilindi

FLORYENSIYA, 17-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev Florensiya shahrida Toskana hududi prezidenti Eudjenio Jani bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Eudjenio Jani shu yil iyul oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishini ta’kidladi. Bo‘lajak tashrif davomida Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo va madaniy sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi qayd etildi.

Suhbat davomida tomonlar mazkur hujjat hududlararo aloqalarni institusional asosda rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini bildirdi.

Italiya delegatsiyasining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi doirasida Toskananing yetakchi kompaniyalari hamda biznes hamjamiyati vakillari o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan turli uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Delegatsiya tarkibiga to‘qimachilik, charm sanoati, farmatsevtika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, logistika va sertifikatlash sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillarini jalb etish rejalashtirilgan. Mazkur tashrif doirasida ikki tomon ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.

O‘zbekiston elchisi Toskana hududining sanoatchilar va tadbirkorlar konfederatsiyasi “Confindustria Toscana” rahbariyati, “Menarini Group” farmatsevtika kompaniyasi hamda “Romualdo del Byanko” xalqaro madaniy hamkorlik jamg‘armasi vakillari bilan ham suhbat o‘tkazdi.

Muzokaralarda O‘zbekistonga bo‘lajak tashrif kun tartibi, delegatsiya tarkibini shakllantirish, biznes-forum o‘tkazish, Buxoro, Samarqand va Florensiya o‘rtasida madaniy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Toskana hududi Italiyaning iqtisodiy va sanoat jihatdan yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hududda sanoat, farmatsevtika, mashinasozlik, oziq-ovqat ishlab chiqarish, moda, zargarlik va logistika sohalari rivojlangan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, hudud iqtisodiyoti hajmi 144 milliard yevroni, aholi jon boshiga hududiy ichki mahsulot esa 39,4 ming yevroni tashkil etgan. Eksport hajmining 14 foizga o‘sgani Toskananing yuqori iqtisodiy va sanoat salohiyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish