Logo

Binali Yildirim: O‘zbekistondagi barqarorlik, osoyishtalik va taraqqiyot zamirida o‘zbekona mahalla modelining roli katta

Yanvar 09, 2026. 08:15 • 2 daq

143
Binali Yildirim: O‘zbekistondagi barqarorlik, osoyishtalik va taraqqiyot zamirida o‘zbekona mahalla modelining roli katta

ANQARA, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekistonda 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani yuzasidan fikr bildirdi:

– O‘zbekistonda 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinganini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Bu juda muhim qaror deb o‘ylayman. Chunki, mahalla va oqsoqollar tushunchasi turkiy tarixda katta o‘ringa ega. Ayniqsa, mahalla qadriyatlari va oqsoqollar instituti qadim turkiy madaniyat o‘laroq, O‘zbekistonda bugungi kunda ham juda keng tatbiq etilganini bilamiz.

O‘zbekistonning ushbu tajribasidan yaxshi xabardor kishi sifatida ayta olamanki, mamlakatdagi bugungi barqarorlik, osoyishtalik va ijtimoiy taraqqiyotning zamirida ham o‘zbekona mahalla modelining roli bisyor. Butun mamlakat miqyosida, viloyatlarda, tumanlarda, shahar va qishloqlarda oqsoqollar bilan bamaslahat ish qilinadi.

Biror mahalladagi muammo, avvalo shu yerning o‘zida hal qilishga uriniladi. Imkon bo‘lmasa, mahalla yetakchilari zudlik bilan yuqori turuvchi idoralar – tuman/viloyat rahbariyatiga, Oliy Majlis va hatto Prezidentgacha murojaat qilib, masalani hal etadi. Bu model bir jihatdan fuqaro va davlat o‘rtasidagi bevosita ko‘prik vazifasini o‘taydi. Chunki, har mahallada bevosita shu yerda yashaydiganlar va ularning yetakchilari bo‘lgan oqsoqollarning o‘zi muammo va masalalarni hammadan yaxshi biladi. Muhimi, ko‘plab masalalar sud-huquq idoralariga bormasdan yarashuv asosida mahallaning o‘zida hal qilinadi. Nizoli vaziyatga kelib qolgan oilalarning parchalanib ketishi oldi olinadi, jamiyatga zararli holatlar bartaraf etiladi. Bu aslida qadim turkiy anʼana.

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da mahallalarga va oqsoqollarga eʼtibor yanada ortadi, shu bilan birga ularga yana-da kattaroq masʼuliyat yuklanadi. Mahallalarni rivojlantirish, har qanday masalalarni joyida hal etish, hamjihatlik va o‘zaro yordam faoliyatlarini yanada ko‘paytirish orqali aholi o‘rtasidagi oqibat va ahillik yana-da kuchaytiriladi.

Ishonchim komilki, biz ham O‘zbekistonning mazkur sohadagi keng tajribasini o‘rganib, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi faoliyati doirasida tatbiq qilib borishga intilamiz. Ushbu qaror munosabati bilan yana bir bor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tabriklab, minnatdorchilik bildiraman.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish