Logo

O‘zbekiston velosport federatsiyasi va Osiyo velosport konfederatsiyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

Yanvar 27, 2026. 17:21 • 49 soniya

136
O‘zbekiston velosport federatsiyasi va Osiyo velosport konfederatsiyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati raisi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva kecha Osiyo velosport konfederatsiyasining saylangan prezidenti Dato Amarjit Singx bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston velosport federatsiyasi va Osiyo velosport konfederatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda velosportni rivojlantirish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani, zamonaviy infratuzilma yaratilgani, sportchilarning xalqaro maydondagi natijalari tobora ortib borayotgani taʼkidlandi. Xususan, mamlakatimiz milliy va para velosport terma jamoalarining Olimpiya o‘yinlari va jahon musobaqalaridagi ishtiroki mamlakatimizning yuksak salohiyatini namoyish etishi taʼkidlandi.

Tomonlar hamkorlik shartnomasini imzoladi. Bitim doirasida O‘zbekistonda mintaqaviy o‘quv-mashg‘ulot markazini tashkil etish, konfederatsiya taqvimi bo‘yicha xalqaro musobaqalarni kengaytirish, mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, xotin-qizlar va para velosportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Tanzila Norboyeva 2011-yildan buyon O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasini boshqarib kelmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish