Rossiyaning Yakutsk shahrida vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi
Mart 17, 2026. 11:55 • 2 daq
• 1
YAKUTSK, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan xorijdagi vatandoshlar uchun tashkil etilayotgan xayriya tadbirlari davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Navbatdagi xayriya uchrashuvi Saxa Respublikasining markazi Yakutsk shahrida o‘tkazilib, tadbir doirasida vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
“Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Yakutiyada mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz, talaba yoshlar, o‘zbek milliy-madaniy markazi faollari hamda mahalliy musulmonlar jamiyati vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin fuqaro qatnashdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan maxsus vakil sifatida yuborilgan Andijon shahridagi “Xonaqa” masjidi imom-xatibi Zuhrobiddin Olimov hamda Vladivostok shahridagi Bosh konsulxona diplomatlari so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni fazilatli ayyom bilan qutladi.
Muloqot davomida ishtirokchilarga davlatimiz rahbari tomonidan xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’rifiy suhbat davomida vatandoshlar turli ekstremistik g‘oyalar ta’siridan ogoh bo‘lishga, milliy o‘zlik va oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylashga hamda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilishga chaqirildi.
Imom-xatib tomonidan Qur’on tilovat etilib, davlatimiz va xalqimiz farovonligi yo‘lida xayrli duolar qilindi. Hamyurtlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan diniy-ma’rifiy savollarga atroflicha javob oldi.
Tadbir yakunida vatandoshlarimiz masofa uzoq bo‘lishiga qaramay, davlatning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilayotganini ta’kidlab, xalq manfaati yo‘lidagi bunday tashabbuslar uchun samimiy minnatdorliklarini izhor etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi