Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekiston parlamenti saylovi xalqaro standartlar va huquqiy davlat qonunchiligi tamoyillariga muvofiq tarzda bo'lib o'tdi

Noyabr 17, 2024. 10:36 • 2 daq

111
Germaniyadan munosabat: O'zbekiston parlamenti saylovi xalqaro standartlar va huquqiy davlat qonunchiligi tamoyillariga muvofiq tarzda bo'lib o'tdi

BERLIN, 17-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xalqaro kuzatuvchi, "Germaniya–O'zbekiston" forumi prezidenti Detlef Prins "Dunyo" AA uchun intervyusida joriy yil 27-oktabr kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston parlamenti saylovi yakunlari haqidagi fikrlari bildirdi.

– O'zbekiston parlamenti saylovi xalqaro standartlar va huquqiy davlat qonunchiligi tamoyillariga muvofiq tarzda bo'lib o'tdi. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarga o'z missiyalarini bajarishi uchun teng sharoitlar yaratildi. Saylov komissiyasi vakillari va saylovchilar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqotlar tashkil etildi. 

Siyosatchilar bilan uchrashuvlarda parlament saylovining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning ahamiyati va roli haqida ma'lumotga ega bo'ldik. O'zbekistondagi yangi saylov tizimining ayrim jihatlari Germaniyadagi Bundestag va Bundesrat saylovlari tizimiga o'xshashligiga guvoh bo'ldim. 

Ovoz berish huquqiga ega saylovchilar ro'yxatga olinib, shaxsi tasdiqlaganidan so'ng byulleten olishlari va maxsus kabinalarda ovoz berib, so'ng byulletenlarni muhrlangan qutilarga tashlagani, qolaversa ovoz berish jarayoni siyosiy partiyalar vakillari tomonidan kuzatib borilgani shaffoflik namunasidir. Ayniqsa, yoshlarning saylovda faol ishtiroki, saylovchilarning ovoz berishga fuqarolik burchi sifatida qarashlari bizni hayratga soldi. Bu esa aholining mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq emasligidan dalolat beradi.

Mahalliy saylov uchastkalarida tayyorgarlik ishlarining saylovdan bir oy oldin boshlangani, saylov uchastkalarining jihozlanishi, saylov komissiyasi vakillarining puxta tayyorgarligi, saylovchilarga barcha nomzodlar bilan muloqot qilish imkoniyati yaratilgani diqqatga sazovordir.

Shuningdek, saylov uchastkalarida nogironligi bor shaxslar uchun panduslar o'rnatilgani, tez tibbiy yordam va bolalar xonalari hamda kasalligi yoki boshqa sabablarga ko'ra saylov uchastkasiga kela olmagan fuqarolar uchun ko'chma saylov qutilarining tashkil etilganligi alohida e'tirofga loyiq.

Toshkentdagi Yohann Volfgang Gyote nomidagi 60-sonli maktabga bo'ldik. U yerda nemis tilini o'rgatish tizimi bizda katta taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, xorijiy kuzatuvchilar uchun tayyorlangan madaniy dastur o'zbek madaniyati va san'ati, tarixi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Tashrif doirasida, shuningdek, respublika hukumat a'zolari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvlarda Germaniya-O'zbekiston munosabatlarini yana-da mustahkamlash, iqtisodiyot va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashdik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish