Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekistonda o'tkazilgan parlament saylovlari izchil islohotlar samarasidir

Noyabr 16, 2024. 09:57 • 2 daq

319
Germaniyadan munosabat: O'zbekistonda o'tkazilgan parlament saylovlari izchil islohotlar samarasidir

BERLIN, 16-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xalqaro kuzatuvchi, "Kox-Avitsenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati asoschisi va rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Helmut Han "Dunyo" AA uchun intervyusida shu yil 27-oktabr kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston parlamenti saylovi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

– O'zbekiston parlamenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun nomzodim taqdim etilganidan va bu imkoniyatdan foydalana olganimdan juda mamnunman. Chunki, mazkur mas'uliyatli vazifani bajarish jarayonida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishish baxtiga muyassar bo'ldim.


Parlament saylovlarining yangi, ya'ni aralash (majoritar-proporsional) tizimi asosida o'tkazilgani, unda ayniqsa partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilanganligi hamda saylov jarayonlarini kuzatib borishda 11 ming 28 ta saylov uchastkasiga jami 427 nafar xalqaro kuzatuvchilarni jalb etilganligi mamlakatning izchil demokratik islohotlar yo'lidan dadil borayotganidan dalolat beradi.


O'zbekiston demokratik institutlar rolini kuchaytirish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, dunyo tajribasini o'rganish maqsadida xalqaro kuzatuvchilar, ekspertlar bilan muloqotni yo'lga qo'ygan. Kuzatuvchilarning saylovda ishtiroki puxta tayyorlanganligi bilan e'tiborimni tortdi.


Buxoro davlat universiteti, Buxoro tibbiyot texnikumi va Afshonadagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi kutubxonasida tashkil etilgan saylov uchastkalarida saylov jarayonlarini kuzatish davomida aholining faol ishtirokini, saylovchilar va partiyalarning barcha huquqlari ta'minlanganligining guvohi bo'ldim.


Saylovga tayyorgarlik darajasi, saylov uchastkalarining jihozlanganligi, saylovchilarni ro'yxatdan o'tkazish va yashirin ovoz berish jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirilganligiga guvoh bo'ldim.


Shuningdek, tashrif doirasida Sog'liqni saqlash vazirligi, tibbiyot jamg'armalari va muassasalari vakillari bilan bo'lib o'tgan qator uchrashuvlarda "Kox-Avitsenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qildik.


Xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrifimdan xulosam shuki, O'zbekiston Markaziy Osiyodagi jadal taraqqiy etayotgan, porloq kelajak sari odimlab borayotgan mamlakat. Uning mintaqada iqtisodiy, ilm-fan va madaniy rivojlangan va xalqaro tan olingan mamlakatga aylanish yo'lidagi barcha sa'y-harakatlari e'tirofga sazovordir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish