Logo

Dehli shahrida O'zbekistonda bo'lib o'tgan parlament saylovi yakunlariga bag'ishlangan davra suhbati uyushtirildi

Noyabr 14, 2024. 10:16 • 3 daq

316
Dehli shahrida O'zbekistonda bo'lib o'tgan parlament saylovi yakunlariga bag'ishlangan davra suhbati uyushtirildi

DEHLI, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. Hindiston poytaxtida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yakunlariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi, "Hindiston – Markaziy Osiyo" jamg'armasi va MERI Institutlar guruhi hamkorligida uyushtirilgan tadbirda ilmiy-akademik doiralar, tadqiqot markazlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, taniqli hind diplomatlari ishtirok etdi.


Shuningdek, davra suhbatini onlayn shaklda xalqaro hamkorlik masalalari bilan shug'ullanadigan ekspertlar, tadqiqotchilar va talabalar kuzatib bordi.


O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev parlament saylovi yangilangan Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o'tkazilganini qayd etdi. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovi aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida tashkil etilganiga e'tibor qaratdi. Barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati va ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o'zaro munosabatlari to'liq raqamlashtirilgani, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etilgani va boshqa muhim jihatlarga alohida to'xtalib o'tildi.


Hindistonning O'zbekistondagi sobiq elchilari Skand Tayal va Animula Gitesh Sarma, MERI Institutlar guruhi vitse-prezidenti professor Lalit Aggarval, "Hindiston – Markaziy Osiyo" jamg'armasi direktori professor Ramakant Dvivedi, Javaharla'l Neru universiteti professorlari Archana Upadhyay va Sanjay Kumar Pandey, "NatStrat" tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Raj Kumar Sharma va boshqalar saylovni tashkil qilish hamda o'tkazish jarayoni so'nggi yillarda O'zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli yangilanish jarayonining yorqin ifodasi bo'lganini e'tirof etdilar.


Anjuman qatnashchilari O'zbekistonda ro'yxatdan o'tgan barcha partiyalar saylov jarayonida qatnashishi uchun teng sharoitlar yaratilgani, saylovchilar partiyalar va deputatlikka nomzodlarning dasturlari bilan yaqindan tanishib, erkin tanlov asosida ovoz berganini qayd etdi.


Hind ekspertlari siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda xotin-qizlarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilangani, ko'plab saylov uchastkalariga ayollar rahbarlik qilgani O'zbekistonda gender tengligini ta'minlash bo'yicha yuritilayotgan amaliy siyosatni ifoda etganini ta'kidladi.


– Men O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarning muhim tarkibiy qismi bo'lgan parlament saylovi jarayonidan kuchli taassurotlar bilan qaytdim,– deydi Javaharla'l Neru universiteti Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari professor Archana Upadhyay. – Ovoz berish jarayonining ba'zi davlatlarda kuzatiladigan ortiqcha shov-shuvlarsiz, bosiq va yuqori tashkiliy darajada uyushtirilgani e'tiborimni tortdi. Men saylovchilarning intizomini ko'rdim. Ular ovoz berishning muhimligini anglab, ushbu jarayonda faol ishtirok etishni tushunishi ko'zga tashlandi. Yana bir muhim jihat – bu xotin-qizlarga ko'rsatilayotgan alohida e'tibordir. Ularning jamiyat hayoti va siyosiy jarayondagi faol ishtirokini ta'minlash, albatta, ko'plab ijtimoiy-iqtisodiy masalalar ijobiy hal etilishiga xizmat qiladi.


Hind ekspertlari saylov jarayonini kuzatish jarayonida Yangi O'zbekistonning zamonaviy qiyofasini kashf qilganini ta'kidladilar. Saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishish, siyosiy partiyalar vakillari ishtirokidagi debatlarni kuzatish, sanoat korxonalari, oliy o'quv yurtlari, tadqiqot markazlari, o'rta ta'lim maskanlari va boshqa tashkilotlar jamoalari bilan uchrashuvlar chog'ida jamiyat a'zolari kayfiyatidagi katta o'zgarishlar, ularning mamlakat hayotidagi tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etishga intilishi namoyon bo'lganini alohida urg'uladi.  

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish