“Xitoyda O‘zbekiston turizmi yili” yakunlari sarhisob qilindi
Dekabr 25, 2025. 08:15 • 2 daq
• 294PEKIN, 25-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pekin shahrida “Xitoyda O‘zbekiston turizmi yili” doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning rasmiy yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi va O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki davlat turizm idoralarining rasmiy vakillari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshganini, turizm sohasida qator yangi hamkorlik loyihalari yo‘lga qo‘yilganini taʼkidladilar. Shuningdek, kelgusida turizm almashinuvini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan “O‘zbekiston turizmi yili” davomida Xitoy jamoatchiligiga mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob sayyohlik maskanlari va milliy anʼanalari keng targ‘ib etildi. Jumladan, 2025 yilning o‘tgan davrida Xitoyning 20 ta yirik shahrida turizm sohasi bo‘yicha roud-shoular, ko‘rgazmalar, taqdimotlar, madaniy chiqishlar hamda 500 dan ortiq ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasida biznes uchrashuvlari muvaffaqiyatli tashkil etildi. Ushbu tadbirlar xitoylik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi va natijada Xitoydan tashrif buyuradigan sayyohlar oqimi 2024 yilning mos davriga nisbatan 3,7 barobarga oshdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim joriy etilgani turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu qaror ikki davlat fuqarolari uchun sayohatlarni yanada yengillashtirib, sayyohlar oqimining izchil o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Xitoy turizm biznesi vakillari bilan ishbilarmon aloqalarni kengaytirish, biznes forumlar va taqdimot uchrashuvlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2025 yil 3 iyun kuni Samarqand shahrida Jahon turistik alyansining “Ipak yo‘lida muloqot” (WTA Silk Road Dialogue) xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. Shuningdek, 2025 yil 1 sentyabr kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida O‘zbekiston Turizm ofisi rasman ochildi.
“CCTV”, “CGTN” va boshqa yetakchi telekanallar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu Xitoy jamoatchiligini O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari bilan keng tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Xitoyning yetakchi onlayn platformalari (Ctrip.com, Qunar.com) hamda ijtimoiy tarmoqlari (WeChat, Weibo, RedNote) bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ular orqali millionlab obunachilarga ega blogerlar hamda xitoylik turkompaniyalar uchun axborot sayohatlari tashkil etilmoqda, bu esa O‘zbekistonga sayyohlik safarlarini faol ilgari surishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning xalqaro maydondagi turistik imijini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. “O‘zbekiston turizmi yili” nafaqat mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini namoyish etdi, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




