Shveysariyada O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Dekabr 24, 2025. 12:44 • 2 daq
• 136AYNZIDELN, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Shveysariyaning Aynzideln shahrida mamlakatimiz turizmi salohiyati, sayyohlik imkoniyatlari va boy madaniy merosiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda mahalliy turoperatorlar, sayyohlik agentliklar, jamoatchilik va madaniyat arboblari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga davlatimiz rahbarining rahnamoligida turizm sohasini iqtisodiyotning strategik yo‘nalishiga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, xorijiy sayyohlar uchun joriy etilgan vizasiz rejim ko‘lami kengaytirilgani, havo transporti va logistika tizimining modernizatsiya qilinishi, mehmonxona xizmatlari va infratuzilmani jahon standartlariga muvofiqlashtirish borasidagi davlat dasturlari alohida qayd etildi.
Shuningdek, joriy yil noyabr oyida turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan hujjat to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi umrboqiy shaharlarning meʼmoriy durdonalari aks etgan maxsus videolavhalarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Shu bilan birga, O‘zbekistonning nafaqat tarixiy, balki ekoturizm, gastronomik, ziyorat, sport, ekstremal, qishki turizm va boshqa yo‘nalishlardagi ulkan salohiyati yevropaliklarda katta taassurot qoldirdi.
“O‘zbekiston o‘zining barqarorligi, xavfsizlik darajasi va xalqining beqiyos mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Bizning mijozlarimiz sharqona ertaklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni istashadi va buning uchun aynan O‘zbekiston eng munosib manzildir”, - deya taʼkidladi madaniyat xodimi Kristina Porshe.
Muloqot davomida shveysariyalik soha mutaxassislari O‘zbekistonni Yevropa sayyohlik bozori uchun hali to‘liq ochilmagan, ammo nihoyatda istiqbolli “javohir” deb atashdi.
“O‘zbekiston - buyuk allomalar yurti va dunyo madaniyati beshigidir. Ertaknamo mamlakat, mehmondo‘st va ochiqko‘ngil insonlar yurti - O‘zbekistonga borish har bir yevropalikning orzuidir. Pandemiya sababli amalga oshmay qolgan rejalarimizni kelgusi yili, albatta, hayotga tatbiq etish niyatidamiz. Biz katta musiqa guruhi bilan “Sharq gavhari” sanalmish ushbu diyorga ijodiy safar qilishni maqsad qilganmiz”, deydi Syurix shahri Musiqa uyushmasi rahbari, kompozitor Jovanni Bria.
Kecha davomida tashkil etilgan milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi - nafis atlas va adras matolar, milliy liboslar, kulolchilik buyumlari namunalari mehmonlarga o‘zbek madaniyatining naqadar boy ekanini namoyish etdi. Milliy taomlar va shirinliklar taqdimoti esa tadbirga haqiqiy sharqona fayz bag‘ishladi. Uchrashuvda kelgusi yilda bu kabi tadbirlarni Shveysariyaning bir necha shaharlarida o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Nemis turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi
O‘zbekiston–Yaponiya o‘rtasida sayyohlar almashinuvi rivojlanmoqda
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik kengaymoqda





